Gaitiga 7500 amerikalik askar va kema-kasalxona yo'l olgan

Kuchli zilziladan talofat ko'rgan Gaitida olti mingga yaqin amerikalik harbiy qutqaruv va qidiruv ishlariga yordam berar ekan, bugun ularga yana 7500 askar qo'shiladi. Ularga tartib va xavfsizlikni o'rnatish vazifasi ham yuklangan. Bugun Gaitida AQSh sobiq prezidenti Bill Klinton ham bo'ladi. Barak Obama Klinton va yana bir sobiq rahbar Jorj Bushdan Gaitiga yordam ko'rsatish jamg'armasiga bosh-qosh bo'lishni so'ragan.

Amerika ovozi muxbiri Syuzan Prestoning Gaitiga yo'l olayotgan AQSh harbiy kemasidan turib xabar berishicha, "Comfort" nomli bu kema ichida kasalxona bo'lib, unda zilzila jabrdiydalariga tibbiy yordam ko'rsatiladi.

Kema rasmiysiga ko'ra, uning ichida 12 ta jarrohlik xonasi va 550 dan ziyod tibbiy mutaxassislar bor.

Kecha Gaitiga borgan BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun gumanitar yordamni imkon qadar tezroq yetkazishga va'da bergan. U poytaxt Port-o-Prensdagi ko'plab vayronalarni ko'zdan kechirgan. Uyidan ayrilgan millionga yaqin aholi istirohat bog'lari, maktab hovlilari va boshqa joylarda o'rnatilgan palatkalarda yashamoqda.

"Bu juda ham katta kulfat, yirik gumanitar fojiadir. Talofat ko'lami hali ma'lum emas", - deydi Pan Gi Mun.

Gaitida 12 mingga yaqin harbiylariga ega Birlashgan Millatlar Tashkiloti zilzila natijasida 40 dan ziyod xodimidan, jumladan missiya rahbari va o'rinbosarlaridan ayrilgan.

Kecha AQShga qarashli qutqaruv guruhi missiya rahbarlaridan birini vayronalar ostidan eson-omon chiqarishga muvaffaq bo'lgan.

AQShning Gaitiga yordamini muvofiqlashtiruvchi Xalqaro taraqqiyot agentligi rahbari Rajiv Shohning aytishicha, yordamni muhtojlarga yetkazish oson bo'lmayapti.

"3,5 millionga yaqin kishi yordamga muhtoj. Mamlakatdagi usiz ham zaif bo'lgan infratuzilma vayron bo'lgan. Bandargohga yo'llar yopilgan", - deydi AQSh rasmiysi.

Qo'shma Shtatlar Gaitiga harbiy kemada bir necha vertolyot safarbar etgan. Gumanitar yordam orttirilgan yuklar aholiga ana shu vertyolotlar yordamida yetkazilmoqda.

Bugun ma'lum bo'lishicha, Yevropa Ittifoqi Gaitiga zilzila asoratlariga qarshi kurash uchun 200 million, mamlakatni tiklash uchun esa 300 million dollar berishga qaror qilgan. Bundan tashqari bir necha Yevropa davlati qo'shimcha 100 million dollardan ziyod pul ajratadi.