Siyosatshunoslar nazarida, 2009 yil O'zbekiston tashqi aloqalari uchun omadli yil bo'ldi. Yevropa Ittifoqi so'nggi sanksiyalarini bekor qildi. Ayrim mutaxassislar mamlakat global moliyaviy krizisdan qattiq zarar ko'rmadi, deydi. Qo'shma Shtatlar bilan aloqalar yaxshilandi. Professor Frederik Starrning aytishicha, aloqalardagi ma'lum turg'unlikdan so'ng har ikki davlat bir-biriga kerakligini anglab yetdi.
Frederik Starr Vashingtondagi nufuzli, o'ziga yarasha ta'sir kuchiga ega tahlilchilardan. O'tmishda O'zbekistonni tanqid qilishda me'yoridan chiqmagan. O'z navbatida G'arbdagi nodavlat tashkilotlarni bir tomonlama tanqidda ayblab, AQSh hukumati rasmiy Toshkent ehtiyojlariga quloq tutmay, undan qisqa muddatli manfaatlari yo'lida foydalangan, deydi.
"O'zbekiston og'ir iqtisodiy va siyosiy davrdan muvaffaqiyatli o'tib bo'ldi. Uning global moliyaviy inqiroz ta'siriga qattiq uchramagani bunga qisman dalil. Siyosiy jihatdan esa rasmiy Toshkent 2005 yilda zarar ko'rgan tashqi aloqalarini sabr-toqat va ehtiyotkorlik bilan tiklashga muvaffaq bo'ldi", - deydi mutaxassis.
Jumladan Qo'shma Shtatlar bilan.
2009 yil davomida AQSh rasmiylari O'zbekistonga bir necha bor tashrif buyurgan bo'lsa, yil oxirida Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov boshchiligidagi delegatsiya Vashingtonda bo'ldi. Ammo, deydi professor Starr, AQSh hali ham eskicha siyosat yuritayotganday.
Qo'shma Shtatlar Afg'onistonda qo'shinlari sonini ko'paytirar va ular uchun qurol, anjom va boshqa yuklar yetkazishning qulay yo'llarini qidirar ekan, O'zbekiston bilan aloqalar o'ta muhim.
Frederik Starr nazarida O'zbekiston bir savolga AQShdan haligacha javob olgani yo'q.
"AQShning O'zbekiston va mintaqadagi uzoq muddatli siyosati nimadan iborat? Afg'onistonda ishi bitgach, AQSh qo'lini yuvib, mintaqadan ketadimi? Shunday bo'lsa, rasmiy Toshkent va Markaziy Osiyodagi boshqa davlatlar buni ertaroq bilib, kelajak rejalari va siyosatini shunga qarab shakllantirishni istaydi", - deydi tahlilchi.
O'zbekiston AQSh bilan uzoq muddatli munosabatlari qanday bo'lishini istaydi, deb so'raymiz professor Starrdan.
"Yevrosiyo yuragidagi har bir davlat yirik mamlakatlar bilan aloqalarini muvozanatda ushlashni o'rganishi zarur. Xitoy va Rossiya kabi qo'shnilarga ega Markaziy Osiyoga muqobil hamkor kerak. Pekin va Moskva o'rnini egallaydigan emas, balki ularga qo'shimcha tarzda. AQSh, Yevropa Ittifoqi, Hindiston, Yaponiya kabilar ana shunday muqobil hamkor rolini o'ynashi mumkin. Bu muvozanat uchun juda muhim. Xususan O'zbekiston xavfsizlik borasida AQShga uzoq muddatda tayanish mumkinligini bilmoqchi", - deydi Starr.
Ba'zilar nazarida O'zbekiston hukumati AQShdan bir narsani istaydi - Afg'oniston va boshqa masalalarda Vashingtonga yordam berib, buning evaziga kamchiliklariga ko'z yumishini. Kamchiliklar esa, xalqaro nodavlat tashkilotlarga ko'ra, talaygina. Human Rights Watch tashkiloti O'zbekistonda huquq faollari va mustaqil jurnalistlar muntazam ravishda ta'qib etilishini tilga olsa, Xalqaro inqirozlar guruhi dindorlarga qarshi qatag'on siyosatni tanqid qiladi, Freedom House esa so'nggi hisobotida so'z erkinligi bobida eng yomon 10 davlat qatoriga O'zbekistonni ham qo'shgan.
Mustaqil kuzatuvchilar fikricha, dekabr oyi oxirida O'zbekistonda o'tgan parlament saylovlari natijalari AQSh diqqat markazidan chetda qolgan. Amerikalik siyosatshunos Frederik Starr muammolar borligini inkor etmaydi.
"Hech bir saylov kamchilikdan xoli emas. Jumladan O'zbekistondagisi ham. Mahalliy va milliy saylovlarni o'tkazish juda muhim, biroq jarayon yaxshi o'tishi uchun vaqt kerak. Yangi davlatlarda ijobiy o'zgarishlar tez bo'ladi deb umid qilmaslik kerak", - deydi Starr.
Uning aytishicha, O'zbekiston yirik davlatlar bilan aloqalarda muvozanatni ushlay bilishni o'rganib, tashqi siyosatida jiddiy yutuqqa erishdi. Bundan tashqari Rossiya kabi impercha kayfiyatdagi davlatlar ma'lum vaqtdan so'ng o'ziga kelib teng va normal hamkorlikka ko'nikadi, deydi Vashingtondagi Jouns Xopkins universiteti professori Frederik Starr.