Toni Bleyer Iroqqa urush ochish to'g'ri qaror edi demoqda

Britaniya sobiq bosh vaziri Toni Bleyer Iroqdagi urushni tergov qilayotgan komissiya oldida javob berib, mamlakatga qo’shin jo’natish qarorini himoya qilmoqda.

Bleyer nazarida Saddam Husayn hukumati o’ta xavfli bo’lib, ommaviy qirg’in qurolini qo’lga kiritgan taqdirda butun dunyoga tahdid solishi mumkin edi. Qo’l qovushtirib o’tirish xato bo’lar edi, deydi sobiq bosh vazir.

London markazida o'tayotgan tinglovda Iroqda halok bo'lgan askarlarning oila a'zolari, yaqinlari ham ishtirok etmoqda.

Toni Bleyerning aytishicha, 2001 yil 11 sentyabr voqeasi Husayn ma’muriyati va uning salohiyati haqida aniq xulosa qilishga turtki bergan. O'sha paytgacha, Husaynni harbiy chorasiz jilovlash mumkin deb hisoblar edik, deydi Bleyer.

2003 yilda Toni Bleyer AQSh prezidenti Jorj Bush bilan bir safda Iroqqa qo’shin tortishga qaror qilgan. Har ikkisi Saddam Husayn xatarli harbiy yarog’ga ega deya ishongan.

Biroq Iroqda ommaviy qirg’in quroli topilmagach, urush sababi, uning qonunga xilof ekani haqida tanqidlar avj olgan. Iroqqa minglab o'g'il-qizlarni jo'natish - Bleyer hokimiyati davrini bulg'agan qarorlardan.

Ba'zilar fikricha, Bleyer 2002 yildayoq Iroqqa qo'shin jo'nataman, deb Bushgada va'da berib qo'ygan, vaholanki, Britaniya parlamenti harbiy chorani bir yil o'tgach ma'qullagan.