Amerika ta'lim maskanlarida xitoy tilini o'qitish kuchaygan

Iqtisodiy inqiroz Qo’shma Shtatlar ta’lim maskanlariga ham o’z ta’sirini ko’rsatmay qolmadi.

Mamlakat bo’ylab o’quv muassasalari byudjeti kamayib, o’qituvchilarning ish o’rinlari qisqarayotgan bir paytda ba’zi siyosatchilar o’quv dasturiga yangi predmet - xitoy tilini kiritishga harakat qilmoqda.

Xitoy hukumati AQSh, Argentina, Pokiston, Keniya, Rossiya, Qozog’iston, Qirg’iziston va Tojikistonda o’z tilini keng targ’ib qila boshlagan.

Konfutsiy instituti nomi ostida ochilayotgan dasturlar xitoy tili va madaniyatini yoyishni maqsad qiladi. Mablag’ Pekindan.

Oregon shtatining Medford shahridagi o’rta maktabda yuqori sinf o’quvchilariga xitoy tilidan dars o’tilayotganiga 4 yil bo’ldi. So’z boyligi kam bo’lishiga qaramasdan o’quvchilarda intilish va qiziqish kuchli.

Karli Irvin ismli o’quvchi xitoy tili kelajakda juda kerak bo’ladi deydi:

“Xitoy va Amerika bir-birga turli sohada juda bog’liq. Dunyoda Xitoy ta’siri oshar ekan, bu davlat tilini bilish muhim ahamiyat kasb etadi”.

Maktab Xitoyning mandarin lahjasini o’quv dasturiga 2005 yilda qo’shgan. Bugunga kelib Xitoy madaniyati va tilini chuqur o’rgatuvchi konfutsiy dasturi ham tanishtirildi.

Dasturga rasmiy Pekin homiylik qiladi. O’qituvchilar ham aynan Xitoydan. shtatlarga jo’natadi.

"Ota-onalar bolalar chet tilini o’rganayotganidan mamnun, ammo Xitoyning salbiy ta’siridan xavotirda”, deydi pedagog Frank Filips.“Ko’p ota-onalar shikoyatlar qiladi. Nega xitoy tilini o’rgatasizlar, nega ispan yoki boshqa tillarni emas deb”.

Maktabda ispan, nemis va latin tili ham o’qitiladi. Filipsning aytishicha, Xitoy iqtisodiy jihatdan qudratli davlatga aylanib borar ekan, tilni o’rganish talabalar uchun kelajakda asqotadi. Lekin, deydi u, Xitoy hukumatidan dastur uchun pul olinayotgani amerikaliklar orasida norozilikka sabab bo’lmoqda.

“Bu propaganda harakati emasmi? Kommunist xitoylarning yovuz maqsadlari bo’lsa-chi degan savollarni eshitaman. Xitoy erkin jamiyat emas, odamlar bu davlatga shubha bilan qaraydi”,-deydi murabbiy.

Xitoy tili dasturi ayrim siyosatchilarga ma’qul. Qonunchi Denis Richardsonning o’zi masalan bu darslarga qatnay boshlagan.

Xitoyda inson huquqlari og’ir ahvolda bo’lsa-da, bunday dasturlar uchun Pekindan pul olishning salbiy tarafi yoq, deydi rasmiy.

“Tanqid bilan ularni yakkalab qo’ygandan ko’ra do‘stona va biznes hamkorlik orqali biz ko’proq ijobiy natijalarga erishishimiz mumkin”, - deya mulohaza qiladi qonunchi.

Jeng Ling, xitoylik muallim, amerikalik o’quvchilarini vataniga xos cholg’u asboblar bilan tanishtirmoqda.

“Odamlar Xitoy haqida ko’p bilishmaydi, ayniqsa so’nggi o’zgarishar haqida. Bu darslar ularning bilimlarini oshiradi. Mamlakatimizda o’zgarishlar ko’p”, - deydi muallima.