Qo'shma Shtatlar nazarida Eron hukumati kecha Tehrondagi chiqishlarga to'siq qo'yishga harakat qilib, xalqidan qo'rqayotganini, omma ishonchini yo'qotayotganini namoyish etgan. Eron islomiy inqilobining 31 yilligi hukumatga qarshi kuchlar uchun yana bir namoyish qilishga bahona bo'lgan. Hukumat barcha aloqa vositalarini to'sishga zo'r bermoqda.
Rasmiylarga ko'ra, aloqa qamali namoyishchilar harakatlarini muvofiqlashtirishga qarshi qaratilgan. Boshqalar nazarida esa rasmiy Tehron xalqning hukumatga qarshi noroziligi xorij matbuotida yoritilmasligini ta'minlamoqchi. Sun'iy yo'ldosh televideniyesi, telefon va sms aloqasi, Internet tizimi - bularning barchasi shaharda ishdan chiqarilgan edi.
AQSh Davlat departamenti matbuot kotibi Pi Jey Kroulining aytishicha, Eron hukumatining bunday keskin harakatlari unga xayrixoh kuchlar va tarafdorlariga ham ma'qul tushmasligi mumkin.
"Bu bilan hukumat o'z xalqidan qo'rqayotganini ko'rsatdi. Xalq o'z huquqlari uchun kurashmoqda. Ular uyushish erkinligi, fikr bildirish erkinligi, aloqa erkinligi uchun kurashmoqda. Eron hukumatining namoyishchilarga qarshi choralari rejimning kuni bitayotganidan nishona", - deydi Pi Jey Krouli.
Eron xorij matbuoti faoliyatini man qilgani sabab Tehrondagi voqealarni mustaqil ravishda tasdiqlash imkoni bo'lmayapti. Biroq ba'zi xabarlarga ko'ra, xavfsizlik kuchlari namoyishchilarga qarshi ko'zni yoshlantiruvchi gaz, rezinali to'qmoqlar ishlatgan. Keyinroq hibsga olish oson bo'lishi uchun namoyishchilarga nisbatan peyntbol, bo'yoq sachratkichlar ishlatilgan.