Fors ko'rfazi bo'ylab safarga chiqqan AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton Saudiya Arabistonida bo'lib, Eron atom dasturi va uning mintaqaga tahdidi haqida so'zlagan. Tehron regionda yadro quroli poygasini boshlashi mumkin, deydi Klinton.
Xillari Klinton dushanba kuni Qatarda ham Eron mavzusiga to'xtalgan. Uning aytishicha, Eronda hokimiyat mo'tadil kuchlar qo'liga o'tmas ekan, hukmron Inqilobiy gvardiya mamlakatni harbiy diktatura tomon yetaklaydi.
Eron hukumatining o'tgan yil iyun oyidagi prezident saylovlari ketidan avj olgan namoyishlarga qarshi muntazam ta'qiblari xavotirga molik, deydi AQSh rasmiysi Saudiya Arabistoni Tashqi ishlar vaziri Saud al-Faysal bilan uchrashuv chog'ida.
"Eronda vaziyat keskin o'zgargan. Iqtisodiyot va xavfsizlik nazorati diniy ulamolar va siyosiy rahbariyat qo'lidan Inqilobiy gvardiyaga o'tgan. Bu vaqtinchalik hol va boshqaruv qonuniy hukumatga qaytadi degan umiddamiz", - deydi Xillari Klinton.
Uranni xorijda boyitish taklifiga Tehrondan rad javobini olgan G'arb davlatlari unga qarshi yangi sanksiyalar ehtimolini muhokama qilar ekan, Klinton bu masalada Fors ko'rfazidagi davlatlardan siyosiy madad kutmoqda.
Saudiya vazirining aytishicha, agar Eronda hokimiyat gvardiya qo'liga butunlay o'tib, siyosati mutaassiblashsa, mintaqada vaziyat keskinlashishi mumkin.
"Sanksiyalar ish berishi mumkin, ammo uzoq muddatda, hozirgi vaziyat esa muammoni zudlik bilan hal etishni taqozo etadi. Buning uchun Eron va yirik davlatlar muzokara boshlashi kerak", - deydi shahzoda Saud al-Faysal.
"Biz Yaqin Sharqning yadro qurollaridan xoli mintaqa bo'lishi tarafdorimiz", - deydi vazir Isroilga ham ishora qilib.
Isroil rasman buni tan olmagan bo'lsada, unda atom qurollari borligi ko'pdan beri taxmin qilinadi.