Dalay Lama - Xitoyning bosh og'rig'i

Jahon bo'ylab demokratik tashabbuslarni qo'llab-quvvatlab, grant ajratuvchi AQSh Demokratik jamg'armasi prezident Obama bilan uchrashish uchun Amerikaga tashrif buyurgan Tibet diniy rahnamosi Dalay Lamani inson huquqlari va demokratiya bobidagi faolligi va xizmatlari uchun maxsus sovrin bilan taqdirladi. Uni bo'lginchi deb hisoblovchi Xitoy AQShdan noroziligini yashirmadi.

Dalay Lama AQSh Demokratik jamg'armasining "Demokratiya xizmatlari uchun" medaliga sazovor bo'ldi. Marosimda buddistlikka e'tiqod qiluvchi Gollivud yulduzi Richard Gir ham qatnashdi.

"Bu sovrinni insoniyat hayotini yaxshilashga qo'shgan kamtarin hissam uchun deb bilaman", - deydi u.

Bu Dalay Lamaning AQShda olgan ilk mukofoti emas. Jorj Bush prezidentligi davrida unga mamlakatning eng yuksak nishonalaridan biri, Kongressning Oltin medali berilgan edi.
1959 yili Tibetni tark etib, Hindistonda yashashga majbur bo'lgan Dalay Lamaning G'arbda hurmati baland.

"Demokratik tuzum jamiyatda ildiz otishi uchun ta'limni yaxshi yo'lga qo'yish kerak", - deydi u.

Oq uyda Tibet yetakchisini qabul qilar ekan, prezident Obama Dalay Lamaning Xitoy hukumati bilan muloqot qilish va nozo'ravon siyosat yuritish harakatlarini olqishladi. Biroq rasmiy Pekin uchrashuvdan norozi ekanini aytib, AQSh bilan aloqalarga putur yetkazishini bildirdi. Xitoy Dalay Lamani "buzg'unchi" va "rohib libosidagi bo'ri" deb ta'riflaydi.

"Xitoy Qo'shma Shtatlarni Pekin pozitsiyasini jiddiy qabul qilishga, salbiy oqibatlarning oldini olishga, Tibet mustaqilligini qo'llab-quvvatlamaslikka va Xitoy ichki ishlariga aralashmaslikka da'vat etadi", - deydi rasmiy Pekin vakili.

Dalay Lama prezident Obama bilan o'tgan yil oktyabrida uchrashishi kerak edi. Biroq AQSh prezidenti o'shanda Xitoy safari arafasida bo'lgani sabab uchrashuv bekor qilingan edi. Prezident Obama ham, Dalay Lama ham Tinchlik uchun Nobel mukofoti laureatlari.

Kolumbiya universiteti professori Robbi Barnetning aytishicha, Obama ma'muriyati Xitoy do'q-po'pisasiga qaramay Tibet yetakchisi bilan uchrashgani Xitoyga "bizga buyruq bera olmaysiz" degan ma'noni bildirdi.

Xitoy qancha shovqin-suron ko'tarmasin, qo'lidan hech narsa kelmaydi, deydi yana bir tahlilchi, Inson huquqlari bilan shug'ullanuvchi Human Rights Watch tashkiloti vakili Sofi Richardson.

"Xitoy Tibet masalasini ko'p cho'zishdan manfaatdor emas. Dalay Lama, Tibet, inson huquqlari haqida qancha ko'p gapirsa, jahon hamjamiyati e'tiborini bu masalalarga shuncha ko'p qaratadi", - deydi Richardson.

Xitoy rasmiylariga ko'ra, Pekin Obama ma'muriyati qaroridan noroziligini bildirish uchun aprel oyida Xitoy prezidenti Xu Tsintaoning AQShga rejalangan safarini bekor qilishi mumkin. Biroq mutaxassislar fikricha, ikki davlat moliyaviy inqiroz, savdo, iqlim o'zgarishi kabi yirik va jiddiy muammolar oldida aloqalarini muzlatishga jur'at eta olmaydi.

Dalay Lamaning aytishicha, Xitoy rahbariyati har bir masalani chuqurroq va kengroq o'rgansagina, voqelikni yaxshiroq anglab yetadi.

Dalay Lama Tibetning Xitoydan mustaqil bo'lishini emas, o'lka va xalqiga kengroq imkoniyat va erkinliklar berilishini istayman, deydi.

"Biz Xitoy Xalq Respublikasi tarkibida qolishga qarshimasmiz. Ammo madaniy merosimiz va tilimizni saqlash maqsadida Tibetga kengroq muxtoriyat berilishini xohlaymiz", - deydi u.

Ana shu maqsadga erishish uchun qancha vaqt ketmasin, dardimizni dunyoga sochib, xalqimga umid bag'ishlashdan tolmayman, deydi Dalay Lama.