Tahlilchilar: BMTda O'zbekistonga doir muloqot hissiyotli kechdi

O'zbekiston BMTning Siyosiy va fuqarolik huquq va erkinliklari to'g'risidagi xalqaro paktiga 1995 yilda qo'shilgan. Bitim shartiga ko'ra, a'zo davlatlar vaqti-vaqti bilan pakt ijrosi haqida Inson huquqlari qo'mitasiga hisobot berib turishi kerak. Bu yil O'zbekiston uchinchi bor shunday hisobot taqdim etgan. Hujjat 2004-2008 yillardagi davrni o'z ichiga oladi.

Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston milliy markazi direktori Akmal Saidov boshchiligidagi delegatsiya o'tgan hafta Nyu-Yorkda qo'mita ishida qatnashdi. Delegatsiya tarkibida respublika adliya, ichki ishlar va tashqi ishlar vazirliklari hamda Oliy sud vakillari bo'ldi.

"Amerika Ovozi" BMTdagi muloqot tafsilotlari haqida tadbirni bevosita kuzatgan o'zbekistonlik mutaxassis, nodavlat "Tezkor guruh" tahlil markazi direktori Suhrob Ismoilovdan o'rgandi.

"Majlisda avvalambor jinoiy-sudlov tizimidagi qiynoqlarga solish hollari va hukumatning bu amaliyotga qarshi harakat dasturi, qamoqdagi huquq faollari va mustaqil jurnalistlar taqdiri xususida O'zbekiston delegatsiyasidan tushuntirishlar talab qilindi".

Qo'mita xalqaro miqyosdagi 18 huquqshunosdan iborat bo'lib, ular Britaniya, Germaniya, Irlandiya, Jazoir, Shvetsiya, Shveysariya, Tunis, Ruminiya va boshqa davlatlar vakillaridir. Ekspertlar rasmiy Toshkent hisobotini tinglash bilan bir qatorda o'zbekistonlik huquq faollari va xalqaro tashkilotlardan ham ma'lumot olgan. Biroq O'zbekiston delegatsiyasi bunday tashkilotlar siyosiy maqsadlarni ko'zlashini aytib, ularning majlis davomida ekspertlar tomonidan keltirilgan dalillarini inkor etgan.

Delegatsiya rahbari Akmal Saidov nazarida O'zbekiston hech qachon Yevropa davlatiday bo'lishga intilmagan va unga Yevropa qadriyatlarini singdirishga harakat qilmaslik kerak.

"Biz inson huquqlari bobidagi ishimizni ushbu qo'mita yoki Birlashgan Millatlar Tashkiloti uchun qilayotganimiz yo'q. O'z xalqimiz uchun qilmoqdamiz, chunki biz Markaziy Osiyoda demokratiya orolini qurmoqchimiz", degan Akmal Saidov muloqot chog'ida.

O'zbekiston delegatsiyasi rahbarining o'zi bilan suhbatlashish imkoni bo'lmadi. Akmal Saidov o'tgan hafta muloqot yakunlari bo'yicha intervyu berishni va'da qilgan edi, ammo shanba kungi qo'ng'iroqqa "bandman" deb javob berdi.

Biroq qo'mita majlisining ishi haqida muqobil manbalardan olingan ma'lumotlarga ko'ra, rasmiy delegatsiya O'zbekiston siyosatini jon-jahdi bilan himoya qilgan. Muloqot davomida Akmal Saidov bir necha bor hissiyotlarga berilganini voqea guvohi Suhrob Ismoilov ham tasdiqlaydi.

"Masalan, Andijon voqealari paytida qurbonlar soni ko'tarilib, qo'mita a'zolari o'sha voqealar bo'yicha xalqaro tergov o'tkazish dolzarbligini ta'kidladi. Hukumat delegatsiyasining bu borada fikri so'ralganda, mavzu og'riqli qabul qilindi. Paxta yig'iim-terimi davrida bolalar mehnatidan foydalanishga doir mavzu ham munozaraga sabab bo'ldi. Qiynoqlar, huquq faollari va mustaqil jurnalistlarga nisbatan bo'layotgan tazyiqlar masalasi ko'tarilganida ham rasmiy delegatsiya a'zolari o'zini nodiplomatik ravishda tutdi. Guruh rahbari Akmal Saidov savolga mantiqan javob berishdan ko'ra, qo'pollashdi, ovozlari o'zgardi. Bu holat qo'mita a'zolariga yoqmadi, axir ularning aybi yo'q. Mutaxassislar shunchaki ularga qo'yilgan vazifani bajaryapti xolos. Hissiyotlarga berilish hollari bo'yicha majlisni boshqarib borayotgan Yaponiya vakiliga e'tiroz bildirildi", - deydi Suhrob Ismoilov.

"Tezkor guruh" tahlil markazi rahbarining aytishicha, davlat tasarrufidagi Inson huquqlari bo'yicha milliy markaz nodavlat tashkilotlar va xalqaro guruhlar bilan deyarli muloqot qilmaydi, fikr va axborot almashmaydi, hibsdagi mustaqil huquq faollari va jurnalistlarning ozodligi uchun jon kuydirmaydi. Shunday ekan, bu kabi tashkilotdan nima foyda, deb so'raymiz tahlilchidan.

"Mening fikrimcha, bu markazning roli - hukumatning inson huquqlari borasidagi roli hamda demokratlashtirish, qonun ustuvorligini ta'minlashga doir siyosatini propaganda qilish. Biroq uzoqni ko'zlab qaraydigan bo'lsak, bu kabi markaz va tashkilotlarning bo'lgani yaxshi. Faqat mustaqilligi kuchaytirilib, faoliyati kengaytirilsa bas. Hozirgi holatda esa ularning rolini samaralil deyish joiz emas".

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqlari qo'mitasi O'zbekiston taqdi etgan hisobot bo'yicha xulosa va tavsiyalarini 26 mart kuni e'lon qiladi. BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun kelasi oy boshida Markaziy Osiyoga safari chog'ida O'zbekistonda ham to'xtab, inson huquqlari ahvolini muhokama qilishi kutilmoqda.