Prezident Obama dunyoni yadro qurollaridan tozalamoqchi

Payshanba kuni AQSh va Rossiya prezidentlari Barak Obama va Dmitriy Medvedev Pragada uchrashib, yadro qurollarini kamaytirishga qaratilgan bitimga imzo chekadi. Hujjat har ikki davlat xavfsizligini kuchaytirib, munosabatlarni yaxshilashga hissa qo'shishi aytilmoqda.

Prezident Obama bir yil oldin Pragada bo'lib, bitim ahamiyati haqida so'zlagan edi.

"Amerika yadro qurollaridan xoli, tinch va xavfsiz dunyo qurishga tayyor", - degan edi o'shanda Obama.

Chexiyada imzolanadigan hujjat 1991 yili sobiq prezidentlar Jorj Bush va Mixail Gorbachyov muhrlagan bitimni yangilaydi. Eski shartnomaning amal qilish muddati o'tgan yil dekabrida tugagan edi.

Yangisi esa bir yillik muzokaralar mahsuli. Bitimni imzolar ekan, har ikki davlat rahbari yadro arsenallarini 25-30 foizga qisqartirish majburiyatini olmoqda.

Vashingtonda joylashgan Qurollar nazorati va tarqalishini tadqiq etuvchi markaz mutaxassisi Kingston Rifning aytishicha, hujjat mazmunan boy bo'lmasa-da, jiddiy ahamiyatga ega.

"Shartnoma ortiqcha qurollarni kamaytirib, jarayonni nazorat etishni ko'zda tutadi", - deydi u.

Bundan tashqari, deydi tahlilchi, bitim ikki davlat o'rtasidagi ziddiyatlarni yumshatib, yadro terrorizmiga qarshi kurash va Eronga nisbatan qattiqroq sanksiyalar bobida hamkorlikka chorlaydi.

"Ikki o'rtada ochiqlik va ishonch bo'lsa, AQSh va Rossiya xavfsizligi uchun muhim bo'lgan ko'plab sohalarda hamkorlik qilish osonlashadi", - deydi Rif.

Prezident Obama nazarida bitimning imzolanishi AQSh nufuzini ham oshiradi.

"Shu tariqa Amerika bilan hamkorlikning ahamiyatini namoyish etgan bo'lamiz. Nafaqat so'zda, balki amalda ham", - deydi Obama.

Bitim kuchga kirishi uchun, prezident imzolaridan so'ng Rossiya Dumasi va AQSh Senati tomonidan tasdiqlanishi lozim.

Yangi bitim strategik hujumkor qurollarga tegishli bo'lgani uchun AQShning Yevropada raketa hujumiga qarshi mudofaa tizimini o'rnatish rejasiga ta'sir qilmaydi. Tizim qit'ani harbiy qudrati oshib borayotgan Eron ehtimoliy hujumidan himoya qilishga qaratilgan. AQSh rasmiylariga ko'ra, reja 10 yilga mo'ljallangan bo'lib, 2011 yilda mudofaa raketalarini O'rta Yer dengizida, 2015 yilda Ruminiyada, 2018 yilda esa Polshada o'rnatish ko'zlangan.

Mutaxassislar nazarida bitimning kelasi hafta Vashingtonda yadro qurollarini tarqatmaslik mavzusidagi yirik xalqaro anjuman arafasida imzolanishi Obama va uning ma'muriyati uchun tashqi siyosatda jiddiy va yirik g'alaba sifatida baholanadi.