Qirg'izistonga BMT bosh kotibining maxsus vakili yo'l olmoqda

AQSh, Rossiya va Birlashgan Millatlar Tashkiloti Qirg'izistonda hokimiyat tepasiga kelgan muxolifatni osoyishtalikka va ijtimoiy tartibni tiklashga chaqirmoqda. O'tgan hafta Qirg'izistonga tashrif buyurgan BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun respublikaga maxsus vakilini jo'natmoqda. Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotiga raislik qilayotgan Qozog'iston Tashqi ishlar vaziri Kanat Saudabayev ham qo'shni respublikaga maxsus vakilini yuborganini aytgan.

Bishkekdagi voqealar sabab AQShning Manasdagi harbiy bazasida uchish va qo'nish vaqtincha to'xtatilgan. Ba'zi ma'lumotlarga ko'ra, Rossiya Qirg'izistondagi Kant aviabazasi va rossiyalik askarlar oilalari xavfsizligini ta'minlash uchun qo'shimcha 150 harbiy safarbar etgan.

Rossiya Bosh vaziri Vladimir Putinning aytishicha, Qurmanbek Bakiyev sobiq prezident Askar Akayevni korrupsiya, hukumatda tanish-bilishchilik va urug'-aymoqchilikni avj oldirganlikda ayblab, o'zi ham Akayev xatolarini takrorlagan.

Putin Roza Otunbayevaga qo'ng'iroq qilib, qirg'iz xalqiga yordamini taklif etgan.

Muxolifat keyingi qadamini muhokama qilar ekan, yangi saylovlar olti oy ichida o'tkazilishi ta'kidlanmoqda.

Muxolifatdagi Ota-Makon partiyasi rahbari Omurbek Tekebayevning aytishicha, saylovlargacha hokimiyat Markaziy Ijroqo'm qo'lida bo'ladi.

Ayni damda O'zbekiston va Qozog'iston Qirg'iziston bilan chegaralarini yopgan. Ba'zi xabarlarga ko'ra, kecha namoyishchilar tomonidan kaltaklangan Ichki ishlar vaziri Moldomus Kongantiyev qo'shni Qozog'istonga olib chiqilgan. Bugun yangi ichki ishlar vaziri lavozimiga Bolotbek Sherniyozov tayinlangan.

Roza Otunbayevaning aytishicha, tartib va xavfsizlikni ta'minlash ayni damda ustuvor vazifa.

Kecha poytaxt Bishkekda tartibsizliklar doirasida do'konlar o'marilgan, davlat idoralariga zarar yetkazilgan, prezident Bakiyevning uyi talon-taroj etilgan, ikki o'g'lining uyi ko'kka sovurilgan, Milliy san'at muzeyidan noyob kartinalar olib chiqilgan. Bugun bishkekliklar ko'ngilli guruhlar tuzib, shaharda tartib o'rnatishda huquq-tartibot organlariga yordam bermoqda.

Mahalliy qirg'izlardan birining aytishicha, xalq Akayev davrida ham, Bakiyev davrida ham qashshoqlashdi.

"Ishsizlik kuchaydi. G'alayon ham shundan", - deydi u.