Qirg'izistondagi voqealar AQSh matbuoti diqqat markazida

Qirg'izistondagi siyosiy jarayonlar xalqaro hamjamiyat diqqat markazida ekan, AQSh matbuoti ham ularni tahlil qilishga kirishgan. Amerikani asosan ikki masala qiynamoqda. Birinchisi, AQSh va NATOning Afg'onistondagi kuchlari uchun muhim tranzit va ta'minot nuqtasi vazifasini o'tab kelgan Manas bazasi AQSh ixtiyorida qoladimi? Ikkinchisi esa, Qirg'izistondagi voqealarda Rossiyaning qo'li bormi?

"Vashington Post" gazetasidagi maqolada bildirilishicha, Bishkekdagi namoyishlarga qadar Rossiya matbuoti bir necha kun davomida prezident Qurmanbek Bakiyev va oilasini qoralovchi ko'plab maqola va ko'rsatuvlar tayyorlagan. Ba'zilar nazarida Rossiya bir necha masala yuzasidan Bakiyevdan norozi bo'lgan.

Birinchidan, o'tgan yili Qirg'izistonda AQSh harbiylari tomonidan Afg'onistondagi operatsiyalar uchun ishlatilayotgan bazani yopish kun tartibiga qo'yilganida, Bakiyev Kremlda yaxshi kutib olinib, unga 2 milliard dollar va'da qilingan edi. Bir necha oy o'tib, deb yozadi "Vashington Post", Rossiya va'dasiga vafo qilib, pulning beshdan bir qismini bergan.

Ammo Bakiyev hukumati AQSh bilan muzokara qilib, "Manas" bazasi uchun to'lovni uch karra oshirishga muvaffaq bo'lgach, amerikalik harbiylar Qirg'izistonda qoladigan bo'ldi. Rossiya o'zini aldangan his qilib, va'da qilgan pulning qolgan qismini to'xtatdi, matbuoti esa Bakiyevni pulni o'zlashtirganlikda, hukumatini esa korrupsiyaga botganlikda ayblay boshladi. Sarmoyalarga mas'ul etib tayinlangan o'g'li Maksim haqida alohida ko'rsatuv tayyorlanib, jinoiy guruhlar bilan aloqada ekani iddao qilindi.

"Vashington Post"ning ayrim tahlilchilarga ishora qilib yozishicha, Bakiyevga yaqin odamlar Rossiyadan kerosinni past narxda olib, "Manas"ni egallagan AQSh harbiylariga qimmatroqqa sotgani ham Bosh vazir Vladimir Putin g'azabini keltirgan. Putin o'sha zahotiyoq yonilg'i uchun imtiyozlarni bekor qilishga ko'rsatma bergan.

Bakiyev avvaliga ijarasi bepul degan Bishkek yaqinidagi Kant bazasi uchun Rossiyadan to'lov undirishga harakat qilgani Kreml sabr-kosasini to'ldirgan omillardan biri bo'ldi, deb yozadi "Vashington Post".

AQShdagi yana bir gazeta "Nyu-York Tayms" Rossiyada arzonga xarid qilingan kerosinning "Manas" harbiy bazasiga sotilishiga doir xabarlarni tahlil qilar ekan, bu ishdan asosan prezident Bakiyevning o'g'li Maksim foyda ko'rgan, deb yozadi.

Xususan 32 yoshli kenja Bakiyev oyiga 8 million dollar pul qilgan. Hokimiyatni qo'lga olgan muxolifat muvaqqat hukumat tuzib, prezident va oilasining iqtisodiy jinoyatlariga doir hujjatlarni oshkor etmoqda. 2005 yildagi Andijon voqealari ketidan AQSh-O'zbekiston munosabatlari yomonlashib, Xonoboddagi harbiy baza amerikaliklardan tortib olingach, "Manas" bazasi AQSh va NATO samolyotlarini Markaziy Osiyoda yonilg'i bilan ta'minlovchi yagona markazga aylandi.

"Nyu-York Tayms"ga ko'ra, bazada kuniga ming tonnagacha aviakerosin sarflanadi. Amerika rasmiylarining aytishicha, AQSh qonunchiligida davlat rahbarining qarindoshlariga qarashli firmalardan yonilg'i sotib olinmasin deyilmagan. Qurmanbek Bakiyev yonilg'i savdosidan kelgan pul uning shaxsiy hisob raqamiga tushganini inkor etmoqda.

Mustaqil tergov natijalariga ko'ra, kerosin Rossiyaning Omsk shahridagi neftni qayta ishlash zavodidan keltirilgan. Tergovchilardan birining "Nyu-York Tayms" gazetasiga aytishicha, sobiq prezident Askar Akayev davrida ham, Qurmanbek Bakiyev boshqaruvi paytida ham yonilg'ini bazaga sotish shartnomasi prezidentga yaqin odamlarga topshirilgan.

Sobiq tashqi ishlar vaziri Alikbek Jekshenkulovning bildirishicha, Bakiyev yonilg'i kontraktlarining qolganini ham oilasiga qarashli firmalarga olib berish maqsadida AQSh bazasini yopish bilan bog'liq mashmashani boshlagan.

Bishkekdagi yangi hukumat Qurmanbek Bakiyevdan lavozimidan rasman ketishini kutar ekan, AQSh va Rossiya rasmiylari muvaqqat rahbar Roza Otunbayeva bilan telefon orqali so'zlashgan. Davlat kotibi Xillari Klinton Manasdagi harbiy baza taqdiri bilan qiziqqan.

Otunbayevning aytishicha, baza faoliyatiga doir masala hali ko'tarilmagan, ammo kelajakda ko'rib chiqilishi mumkin. Klintonning mintaqa bo'yicha yordamchisi Robert Bleyk "hozir baza taqdirini muhokama qiladigan vaqt emas, yangi hukumat oldida tartibni tiklash, saylovlarga tayyorgarlik ko'rish kabi muhim masalalar yotibdi. Shundan so'ng muzokara qilishga tayyormiz" degan.