Rossiyada o'zbek tilida telekanal ochiladi

Islom Karimov Dmitriy Medvedev prezidentlikka saylanganidan beri Rossiyaga ilk bor rasmiy tashrif buyurdi. So'nggi paytlarda ikki tomonlama munosabatlar sust kechgan. Bunga O'zbekiston-AQSh munosabatlarining iliqlashgani, Rossiya rahbariyatining Markaziy Osiyoni o'z manfaatlari doirasidagi zona deb so'nggi paytda ko'p tilga olayotgani, O'zbekiston chegarasiga yaqin O'shda Rossiya yetakchiligida MDH Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi doirasida tuzilgan Tezkor kuchlar bazasining tashkil etilgani hamda Tojikiston va Qirg'izistonda O'zbekiston qarshi chiqayotgan gidroelektrostansiyalar qurilishiga Rossiyaning aloqadorligi sabab bo'lgan bo'lishi mumkin.

Biroq Karimov Kremldagi uchrashuv chog'ida Rossiyani ishonchli hamkor deb atagan.

"Rossiya ishonchli hamkor, jahon va, xususan, Markaziy Osiyo xavfsizligidagi muhim omil ekanini bir necha bor amalda isbotlagan", - deydi O'zbekiston rahbari.

Dmitriy Medvedev O'zbekistonni strategik hamkor deb atab, global moliyaviy tanazzul oqibatida ikki tomonlama savdo sustlashganini afsus bilan tilga olgan. Uchrashuv yakunida bir necha hujjatlar imzolangan, jumladan Qo'shma bayonot qabul qilingan. Unda, xususan, xalqaro yo'nalishdagi avtomobil yo'llarini qurish borasida hamkorlikni boshlashga da'vat etilgan. Shuningdek, Karimov va Medvedev Rossiya hududida o'zbek tilida telekanal ochishga ham kelishib olgan. Dasturlar Rossiya sun'iy yo'ldoshlari orqali uzatiladi.

O'zbekiston prezidenti Rossiya Bosh vaziri Vladimir Putin bilan ham uchrashgan. Rossiyada istiqomat qilayotgan o'zbekistonlik huquq himoyachilari Karimovning Moskvaga tashrifini oz sonli norozilik namoyishi bilan qarshilagan.