Xalqni bosh ko'tarishga majbur qilayotgan - hukumatlarning o'zi

Xalqni bosh ko'tarishga majbur qilayotgan - hukumatlarning o'zi

<!-- IMAGE -->

Qirg'iziston voqealari Markaziy Osiyoda tarqoqlik va avtoritar boshqaruv kuchayishining qaltis oqibatlari haqida yana bir bor ogohlantirish bermoqda.

Qirg’izistondagi to’polonlarga mintaqa davlatlari asosan chegaralarni mustahkam berkitish bilan javob berdi. Moskva esa o’z fuqarolarini himoya qilish uchun qo’shimcha desantchilar brigadasini jo’natdi.

AQSh muvaqqat hukumatdan “Manas” harbiy bazasidan yaqin bir yilda foydalanish uchun kafolat oldi. Navbatdagi inqilobga ham avtoritar rejim kuchayishi, jamoatchilikka ta’qib-tazyiqlar oshishi turtki berdi.

Avtoritarizm mintaqada yagona boshqaruv usuliga aylanib borayotgani esa tahdidlar miqyosini yanada kengaytiradi.

Hokimiyatga kelishni biladi, ketishni istamaydi

Markaziy Osiyoda kechayotgan geosiyosiy o’zgarishlar girdobida mintaqadagi siyosiy yetakchilar, jamoatchilik o’rni tobora cho’kib bormoqda. Yigirma yildan buyon davom etayotgan mustaqillik davri davlatlar-aro ziddiyatlar kuchayishi bilan kuzatilmoqda.

Tahlilchilarga ko’ra Sovet imperiyasi parchalanishi tufayli Markaziy Osiyoga taqdim etilgan tarixiy imkoniyat boy berilyapti. Mintaqadagi tarqoqlik, janjal va nizolar, siyosiy elita va xalq manfaatlari uyg’unlashmagani, poraxo’rlik va avtoritar boshqaruv kuchayishi bugun ham qudratli davlatlar qo’lida bosim vositasiga aylanishi mumkin.

Integratsiya o’rniga ziddiyatlar, demokratik islohotlar o’rniga avtoritarizmning kuchayishi siyosiy yetakchilar ambitsiyalari bilan bog’liq ko’riladi.

Markaziy Osiyoda hali adolatli demokratik tanlov yo’li bilan hukumat almashmagan. Hokimiyat almashishi faqat favqulodda hodisalar, g’alayonlar orqali amalga oshadi yoki bunday g’alayonlar qonli ravishda bostiriladi.

“Hokimiyatga kelgandan keyin hokimyatdan ketish madaniyati ham bo’lishi kerak. Lekin afsuski hokimiyatdan ketish, ketganda ham bir talofatsiz ketish madaniyati yo’q. O’zbekistondagi [rahbar] bunday ketishni hatto xayoliga ham keltirmaydi. Hokimiyat vakolatlari xalqdan mutlaqo tortib olingan”, - deydi muxolifatdagi “Erk” partiyasi bosh kotibi Otanazar Oripov.

Qirg’iziston xalqi Qurmanbek Bakiyevning 5 yillik boshqaruvi natijasida avj olgan adolatsizlik, poraxo’rlik va avtoritar tuzumga qarshi norozilik bilan chiqdi. Bu gal isyon qonsiz kechmagani mintaqada avtoritar boshqaruv yanada chuqurroq ildiz ota boshlaganini ko’rsatadi.

Ta'sir doirasini tiklash harakatlari

“Agar hech bo’lmaganda ishsizlikni kamaytirganda edi, xalqni turmush darajasini bir foizga bo’lsada oshirganda edi, korrupsiyani sal kamaytirganda, oilaviy boshqaruvni joriy etmasdan demokratiyani rivojlantirib, parlamentga ko’proq huquq berganda edi, o’shanda ehtimol haqiqatda Bakiyevda to’ntarishni tashkil etgan odamlarni ayblashga asos bor deyish mumkin bo’lardi. Lekin uni hech qanday asoslari yo’q. Hozir muvaqqat hukumat yetakchilari Qirg’iziston parlament respublikasi bo’ladi deyapti. Muxolifat a’zolarini deyarli hammasi bundan oldin qamalib ketgan edi, faqat Otunbayeva qolgandi”, - deydi sharhlovchi Fayzulla Is’hoqov.

Sharhlovchilarga ko’ra mintaqadagi ichki beqarorlik, hokimiyat va xalq o’rtasidagi ziddiyatlarning avj olayotgani tashqi kuchga nisbatan ehtiyojni shakllantiradi. Qirg’izistondagi navbatdagi isyon, hukumat almashishi Kremlning g’alabasi sifatida ham baholanadi. Rossiya so’nggi paytda sobiq Ittifoq hududida bir qadar cheklangan ta’sir doirasini tiklamoqda.

“Rossiya ta’sir doirasi dunyo miqyosida ham kengayib borayapti deyish mumkin. Pragada imzolangan hujjatdan keyin AQShda ham xavotirlar boshlanyapti, ya’ni AQSh Markaziy Osiyoda, Kavkazda, Sharqiy Yevropada imkoniyatlarini boy berayotgani haqida. Bugun Rossiyani tashqi siyosati faollashishi, Markaziy Osiyoni, Kavkazni o’zini hayotiy manfaatlari sifatida belgilashi ham Kremlni ta’sir doirasini kengaytirishga qilayotgan harakatlaridan dalolat”, - deydi siyosiy sharhlovchi Abduvali Soyibnazarov.

Andijonni kim eslaydi?

Qirg’izistondagi noroziliklar qo’shni davlatlarda takrorlanmaydi deyishga kafolat yo’q. Mintaqaning biror jamiyati avtoritar boshqaruv va korrupsiyadan xoli emas. Andijon fojeasiga yaqinda 5 yil to’ladi. Bu fojeadan O’zbekiston hukumati chiqargan saboq esa faqat tazyiq va tahdidlarni kuchaytirish bo’ldi.

O’zbekiston har qanday norozilikni shafqatsiz bostirishi bilan tanilgan. AQSh, Yevropa Ittifoqi va xalqaro jamoatchilikning Andijon voqealari yuzasidan mustaqil tekshiruv o’tkazish talabi inobatsiz qoldi. Hozirda bu talab kun tartibidan deyarli tushgan, G’arb bilan munosabatlarda tiklanish davri kuzatilmoqda.

“Bu voqealardan 5 yil vaqt o’tdi. Xalqaro vaziyat yangilanib boryapti, juda katta burilishlar, ayniqsa Afg’oniston yo’nalishida amalga oshmoqda. Bu biz uchun juda muhim, shuning uchun biz ko’proq o’tmishga emas, kelajakka qarashimiz kerak. Kelajakda buyuk davlatlar bilan O’zbekiston hamkorligi istiqbolli va uzoq muddatli bo’lishi mumkin. Afg’oniston xalqaro hamjamiyat e’tiborida turgan muhim masala. Lekin albatta g’arbiy davlatlar inson huquqlari va demokratik o’zgarishlar masalasini chetga surib qo’ymaydi”, - deydi siyosiy sharhlovchi Farxod Tolipov.

O’zbekistonda turli darajadagi norozilik chiqishlari asosan huquq-tartibot organlari kuchi bilan bartaraf etilishi davom etmoqda. Yaqinda iqtisodiy-ijtimoiy vaziyat yuzasidan o’z noroziligini Vazirlar Mahkamasini piket qilish bilan ifodalamoqchi bo’lgan mahalliy faollardan biri, Abdulla Tojiboy o’g’li o’z uyidan ichki ishlar boshqarmasiga olib ketildi.

“Asosiy talabim O’zbekistonda ish joylarini yaratish va fuqarolarni ish bilan ta’minlash edi. Bu birincha marta emas. O’zbekistonda har doim biror tadbir oldidan muxolifatni, huquq himoyachilarini ichki ishlar boshqarmasiga olib ketish urf bo’lib qolgan. Albatta, bu Qirg’izistondagi voqealarga bog’liq bo’lishi mumkin, chunki bir kishini norozilik aksiyasiga qarshi butun shahar bo’linmalari chora ko’rishdi”, - deydi Abdulla Tojiboy o’g’li.

AQSh: Huquq muhim, lekin xavfsizlikdan ustun emas

Shu hafta AQSh Kongressida Qirg’izistondagi voqealar va “Manas” harbiy bazasiga oid vaziyat muhokama qilindi. Xulosa shuki, AQSh bazadan foydalanishda davom etish uchun Bakiyevning avtoritar rejimi bilan murosaga borgan. Kongressda AQSh O’zbekistonda ham shunday siyosat yuritayotgani, demokratik qadriyatlar va inson huquqlari masalasidagi chekinishlar hisobiga rejim bilan hamkorlikni kuchaytirayotgani ta’kidlangan.

“Amerika Kongressi qanchalik tanqid qilishi yoki diplomatlar faoliyatini shubha ostiga qo’yishidan qat’iy nazar, siyosat baribir o’z imkoniyatlaridan kelib chiqib rivojlanadi. Masalan Andijon voqealaridan keyin AQSh hukumati ayrim yon berishlar bilan bo’lsada aloqalarini tikladi”, - deydi huquq himoyachisi Abdurahmon Tashanov.

Tahlilchilarga ko’ra mintaqada avtoritarizm kuchayishi, qudratli davlatlar tomonidan bu rejimlarning qo’llab-quvvatlanishi omma orasidagi muxolif kayfiyatni radikal yo’nalishga yetaklamoqda.

“O’zbekistonda radikal kayfiyat kengaymoqda. Odamlar radikallashayapti, buning bosh sababi hukumatni ekstremistik siyosati. Mutlaq ko’pchilik hokimiyatdan chetlatilgan bo’lsa, qanaqa qilib yana xalq hokimiyat uchun manba bo’lishi mumkin? Xalqning ko’pchiligi na siyosiy tizimda bor, na muxolifatda bor. Muxolifatni albatta tizim deyish qiyin, chunki juda tarqoq. Lekin aksariyat aholi hukumat bilan munosabati ziddiyatlashar ekan, ularni muxolifat bilan yaqinlashishi boshlandi. Avval demokratiyani islom dushmani degan odamlarda dushman bo’lsa ham hamkorlik qilish kerak degan qaror shakllanishi bu juda katta gap”, - Otanazar Oripov.

... va bu siyosat hali-beri o'zgarmaydi

Mahalliy faollar fikricha AQSh Qirg’izistondagi voqealardan xulosa qilgan holda mintaqadagi, jumladan O’zbekistondagi siyosatida ham o’zgarishlar qilishi kerak. Biroq Afg’onistondagi vaziyatga zo’r berayotgan Obama ma’muriyatidan bunday o’zgarishlar kutish qiyin ekani ham ta’kidlanadi.

“AQSh demokratik jarayonlarni qo’llab-quvvatlashi uchun birinchi navbatda muxolifat o’zini, jamiyatda mavqei borligini ko’rsatishi kerak. Qirg’iz muxolifati o’zbek muxolifatidan farqli, asosan hukumatdan chiqqan sobiq amaldorlar. O’zbek muxolifati kuchsiz, tarqoq, hukumat pozitsiyasi esa juda kuchli. Shuning uchun men AQSh O’zbekistonga nisbatan siyosatini o’zgartirishiga juda katta umid bilan qaramayman”, - deydi Abdurahmon Tashanov.

Tahlilchilarga ko’ra energetik resurslarga boy Markaziy Osiyoga qudratli davlatlar qiziqishi mintaqada turmush darajasini ko’tarishga xizmat qilishi lozim. Biroq rejimlar manfaati oddiy aholi manfaati bilan uyg’unlashmagani bois bu qiziqishlar ko’proq tashvish keltirmoqda.