O'zbekiston xalqi erkin axborot olishga haqli

<!-- IMAGE -->

O'zbekistonda so'nggi yillarda qamoq jazosiga hukm qilingan mustaqil jurnalistlar, qalamkashlar soni yana bir necha kishiga ortgan.

<!-- IMAGE -->

Bular Solijon Abdurahmonov, Dilmurod Sayid, shoir Yusuf Juma va hokazo. Bugun 29 aprel kuni ektremizmda ayblanayotgan taniqli jurnalist Xayrulla Hamidov ustidan sud jarayoni boshlangan.

“U televideniye, radioda diniy mavzuda ko'plab eshittirishlar qilgan. Mendagi ma'lumotlarga ko'ra, o'sha paytlarda Milliy Xavfsizlik Xizmatiga chaqirtirilgan. Ogohlantirilgan, bunaqa qimaslik haqida. Hozircha ayblov xulosasi yo'q, berishmayapti, sir tutishmoqda. Shuning uchun aniq bir narsa deyish qiyin”, - deydi huquq himoyachisi Sur’at Ikromov.

O’zbekistonda mustaqil axborot vositasining o’zi yo’q. Ammo texnologiya taraqqiy etar ekan, matbuot to’liq nazoratda bo’lgan sharoitda ham informatsiya tarqatish imkoniyati hali ham bor. Lekin xalqaro Ozodlik Uyi hisobotiga ko'ra, repressiv davlatlar aynan shu kichik imkoniyat – internetni ham cheklashga o’tgan.

Mustaqil jurnalistlarning aytishicha, O'zbekistonda matbuot ustidan nazorat rejim keskinlashishi, ta'qib-tazyiqlar kuchayishi bilan teng amalga oshirilmoqda.

“Hukumat odamlar vaziyat haqida mustaqil axborot olishidan, mamlakatda aslida nimalar bo'layotganini anglab yetishidan qo'rqadi. Anglagan odamlar amaldorlardan o'z joyini bo'shatib qo'yishini ham so'rashi mumkin”, - deydi mustaqil jurnalist Aleksey Volosevich.

So'nggi yillarda O'zbekistonda bir necha axborot saytlari ishga tushdi, biroq bu manbalar asosan hukumat yutuqlarini sanash bilan ovora. O'quvchilar bundan bezigan, O'zbekistonda nimalar bo'layotganidan xabardor bo'lishini istaydi. Biroq bu eshiklar yopiq.

“Oddiy o'quvchi uchun internetda axborotni kuzatib borish muammo, chunki mustaqil vositalar yopib qo'yilgan. Agar biror qiziq saytni topsangiz, bu haqda ko'pchilik eshitgandan keyin u ham darhol yopilib qoladi. Shuning uchun global tarmoqning asosiy mushtariysi ko'proq davlat organlari bo'lib qolyapti”, - deydi mustaqil jurnalistlardan biri.

Hukumat mustaqil matbuotni axborot xuruji uyushtirishda ayblab keladi, saytlar aynan qanday sabablarga ko'ra berkitilgani ochiq-oydin, rasman izohlanmaydi. Jurnalistlar esa hukumat to'siqlarini o'zicha izohlashga majbur.

“To'sib qo'yishga birgina sabab o'z kirdikorlarini fosh qilmaslik, buni oddiy xalqdan yashirish. Butun dunyo bilgan taqdirda ham oddiy o'zbek xalqi bilmasligi kerak. Agar hukumat jurnalistlarga sharoit yaratib, himoyaga oladigan bo'lsa, o'shanda matbuotda jonlanish boshlanadi. O'zbek jurnalistlarida turli tahdidlarga javob berish salohiyati ham paydo bo'ladi ”, - deydi jurnalistlardan biri.