Xalqaro Amnistiya: Andijon fojeasini mustaqil tergov qilish kerak

<!-- IMAGE -->

Inson huquqlari bo’yicha Xalqaro Amnistiya tashkiloti Yevropa Ittifoqini O’zbekistonda huquq faollari va jurnalistlarga qarshi hujumlarni qoralashga chaqirmoqda.

Tashkilotning bugungi bayonotiga ko’ra, so’nggi besh yilda O’zbekistonda inson huquqlari bilan bog’liq vaziyat yomonlashgan.

Jurnalislar va faollar muntazam bosim, taqib ostida; ularni hisbga olish, kaltaklash hollati keng tarqalgan. Karimov ma’muriyati bu ayblovni rad etib keladi.

Bu bayonot Andijon voqealarining besh yilligi munosabati bilan e’lon qilinmoqda.

Xalqaro Amnistiya tashkiloti Yevropa Ittifoqining tashqi siyosat bo’yicha rahbari Ketrin Ashtonga murojaat qilib, Andijon fojeasini mustaqil tergov qilish – Yevropa uchun ustuvor vazifa bo’lib qolayotganini e’tirof etishga chaqirgan.

<!-- IMAGE -->

Ittifoq O’zbekiston hukumatiga bosim o’tkazishi, bu tergov o’tkazilishini talab qilishda davom etishi kerak, deydi tashkilot rasmiylari.

Besh yil oldin Andijonda nima bo’lgani haqida bahs-munozara hanuz davom etmoqda.

O'zbekiston hukumati Andijon fojealarida 187 kishi o’lganini ta'kidlasa-da, 12-13 may kunlari rasman xotirlanmaydi. Faqat xavfsizlik jihatdan chora-tadbirlar kuchayadi, xolos. Fojeadan keyin dastlabki yillarda O'zbekiston prezidenti Islom Karimov televideniye orqali so’zlab, Andijon fojeasini bitmas yaraga qiyoslab o'tgan edi.

“Shaxsan o'zim haqimda, hech bir bitmaydigan yara – Andijon voqealari haqida gapiradigan bo'lsak, o'ylaymanki, har kuni savol berishimiz kerak - nima qilishimiz kerak-ki, boshqa bu balo qaytarilmasin”, - degan edi O'zbekiston prezidenti.

Andijon voqeasidan keyin faollar motam kunini belgilash tashabbusi bilan chiqqan edi. Lekin bu harakatlar, shuningdek, Andijon qurbonlarini yodga olish uchun ko’rilgan boshqa urinishlar muntazam tazyiq va ta'qibga uchrab keladi.

O'zbekiston Bosh prokuraturasi fojeada diniy ekstremistik guruhlarni aybladi, unga aloqadorlikda ayblangan yuzlab fuqaro sudga tortildi, qamaldi.

Guvohlarning aytishicha, Andijonda namoyishga chiqqan tinch aholi o'qqa tutilgan, qurbonlar soni hukumat ta'kidlagandan bir necha barobar ko'p. Javobgarlar kim ekani, fojea tafsilotlari hamon yopiq mavzu.

“Necha yillardan beri Andijon voqeasini o'rganib kelamiz. Ko'pchilik umuman bilmaydi, nima uchun maydonga borishgan? Ular bilmagan - hukumat kuchlari ogohlantirishsiz o'qqa tutishini. Prezident keladi degan mish-mishlar boshlangan keyin odamlar uni ko'ramiz deyishgan. To'satdan bo'lgan namoyish. Sudda tadbirkorlarga hukmni o'qimasdan cho'zavergandan keyin odamlar yanada ko'paygan, chunki ular shu tadbirkorlar qo'lida ishlashgan. Ular qamalgandan keyin ishsiz qolishgan”, -deydi huquq himoyachisi Sur’at Ikromov.

O'zbekiston hukumati Andijon fojeasi ustida mustaqil tergov o'tkazish talabini rad etib keladi. Bu mamlakatning ichki ishi deb hisoblaydi.

Bu voqealar rasmiy Toshkent tashqi siyosatida keskin o'zgarish qilgan. Ammo fojeadan besh yil o'tib, siyosat yana avvalgi o'zaniga qayta boshlagan. G'arb va O'zbekiston hukumati o'rtasida aloqalar tiklanmoqda. Shu bilan birga G'arbda Andijon fojeasini mustaqil tergov qilish talabidan voz kechilmoqda, Toshkentda esa inson huquqlarini ichki siyosat sifatida ko’rish pozitsiyasi kuchaymoqda.

“Besh yil o'tdi. Xalqaro siyosatda turli o'zgarishlar boshlandi. Biz uchun muhim bo'lgan o'zgarishlar kuzatildi, shuning uchun hozir o'tmishga emas, ko'proq kelajakka qarashimiz kerak”, - deydi siyosiy sharhlovchi Farhod Tolipov.

Mahalliy faollar fikriga ko'ra, hukumat Andijon fojeasidan saboq chiqarmagan. Diniy e'tiqod bo'yicha tazyiqlar hamon davom etmoqda. Radikal kayfiyat, norozilar safi kengaymoqda.

Andijonda hibsga olingan taniqli tadbirkorlarni ozod qilish uchun 12 may tunda shu shahardagi qamoqxonaga va harbiy qismga bostirib kirilishi 13 may kuni norozilik namoyishlariga ulanib ketgan. Hukumat va namoyischilar o'rtasida qanday muzokara borgani hamon noma'lum.

Tahlilchilar fikricha, mamlakatda o'zgarish ko’rinmaydi, besh yil avval aholini norozilikka yetaklagan asosiy omillar – ijtimoiy-iqtisodiy nochorlik, siyosiy va diniy huquqlarning ommaviy toptalishi hamon dolzarb.