Ramazon oyining har kuni, Vashington shahrida yashovchi Likaa Qodiriy ishdan keyin uyiga kelib, Amerikadagi, qolaversa jahondagi boshqa musulmonlar qatori iftorga tayyorgarlik ko'radi.
Qodiriy xonim aslida iroqlik. Iftorga odatda ona yurtiga xos taomlar pishiradi: guruch, mol go'shti, mayiz va bodomdan tayyorlangan ovqatlar; ba'zida do'lma ham qilib turadi.
Bularni pishirish uchun esa, tabiiyki, ko'p vaqt kerak. Ammo, deydi uy bekasi, oilasi bularsiz yashay olmaydi.
"Ro'za paytida ancha oddiy ovqatlar qilamiz, chunki ro'za titilayotgani sabab, odatda yengil ovqatlar ma'qul ko'riladi," deydi u.
"Yengil ovqat osonroq. Avval sharbat ichasiz, keyin sho’rva. Ana undan yarim soatcha keyin, bosh taom tortiladi. Bunday ovqatlanish oshqozonga yaxshi. Hamma narsa bir paytda yeyilsa, hazm qilish qiyin kechadi. Shuning uchun, yengil ovqat yeysiz," deya qo'shadi Likaa.
Boshqa ko'pchilik musulmon oilalar singari, Qodiriylar ham har yili ro'za tutishga odatlanishgan. Kun bo'yi hech narsa yemay, ichmay, chekmay, muhtojlarning hayoti qanchalik qiyin ekanini anglaymiz, deyishadi ular.
Qodiriy xonimning aytishicha, odatda ro'zani xurma yoki qatiq bilan oshichadi. Keyin esa shom namozi o'qiladi.
Iftorga yaqin do'stlardan tortib, hamaskablargacha taklif etiladi. Ramazonning o'zgacha ma'nosi bor, deydi Qodiriy xonim:
"Ramazonga tayyorgarlikni ikki oy avvaldan boshlaymiz. Qayerga bormaylik, Ramazon haqida, nima qilish, nima ovqat tayyorlash haqida gaplashamiz."
AQShda 18 yildan beri yashayotgan bu ayol tabiiy fanlardan dars beradi. Bu yerda Ramazonni ona vatandagidek o'tkazish oson emas, deydi u:
"Bu mamlakatda uyga borib ozgina dam olishga vaqt yo’q. Ishlashimiz kerak. Shuning uchun, juda qiyin; Ramazon oyi davomida kuniga 3-4 soat uxlaysiz, xolos. Uch soatgina! Oyning oxiriga borib charchab qolasiz."
"Qanchalik qiyin bo'lmasin, ro'za tutish mening farzim. Bu davrda musulmonlar Ollohga yaqin kelishadi, hayotning ne'matlarini qadrlashadi," deydi Likaa Qodiriy.