Jorj Bushning prezidentligini tahlil qilib... - 2004-10-25

Jorj Bush aynan urush davrida prezidentlik qilayotganiga ko’p urg’u beradi. Tarix bunga isbot. Amerikaliklar odatda urush paytida xizmat qilgan prezidentlarni qayta saylab kelishgan.

Shunday ekan, Bush hozirgi saylov kampaniyasida asosan mamlakat xavfsizligi va terrorizm balosidan qutulish harakatlari haqida gapirishdan tinmaydi:

"Bu kishilarga, ya’ni terroristlarga, gap tushintirib bo’lmaydi. Ular bilan murosa qilolmaysiz. Biz bu dushmanlar bilan dunyo bo’ylab kurashishimiz kerak. Ular vatanimizga yaqinlashishmasin."

Ommaviy so’rovlar natijasiga ko’ra, ko’pchilik amerikaliklar Prezident Bushni terrorga qarshi urushda kuchli rahbar, deb hisoblashadi.

Bu Bushni uning saylovdagi raqibi Jo'n Kerriga nisbatan kuchliroq qilib ko’rsatuvchi asosiy omil.

Jo'n Fortier - jamoat fikrini o’rganuvchi tashkilotlarning birida tahlilchi. Uning fikricha, Bush o’zini terrorga qarshi kuchli rahbar qilib ko’rsatdi.

"Omma orasida uni quvvatlovchilar soni oshdi. Hozir balki bu son yana pasaygandir, ammo odamlar uchun Bush hali ham kuchli rahbar. Bizni undan boshqa hech kim, hatto Kerry ham bunchalik himoya qila olmaydi," deydi u.

Prezident, Iroqqa qarshi urush ochgani terrorga qarshi urushning muhim bir qismi bo’lganini ta’kidlab, Saddam Hussein hukumatining ag’darilgani eng katta yutuqdir, deydi:

"Men qaror qilishim kerak edi. 11 sentyabr voqealarini unutib, bu ahmoq odamga ishonaymi yoki Amerikani himoya qilaymi? Hamisha mamlakatimni himoya qilaman."

Ammo, ommaviy so’rovlarda odamlar Iroqda ommaviy qirg’in qurollari topilmadi, urushga borish, shuncha qon to’kishga arzigulik qadam bo’ldimi? deb so’rashmoqda.

Saylovdagi raqibi Senator Kerri Bushni ana shu masalada urishga harakat qilmoqda.

"Men, Prezident sifatida, davlatimizning eski an’anasini tiklayman. AQSh hech qachon o’zi xohlab emas, majbur bo’lgani uchungina urushga kiradi," deya ta'kidlaydi Demokrat nomzod.

Omma fikricha, Iroq masalasi noyabrdagi saylovda Bushga katta zarba berishi mumkin. Ayniqsa, agar Iroqda qon to’kilishi davom etaversa. Lekin, deydi John Fortier, Bush AQSh xavfsizligini kuchaytirish uchun Iroqqa qarshi urush ochganman, deb qayd etishdan to’htamaydi.

"Bush Iroqni o’z prezidentligiga bog’ladi. U buni birov majburlagani uchun emas, o’zi xohlab qildi. U Iroqni terrorga qarshi urushning muhim bir qismi, deb ishonadi. 11 sentyabr voqeasining takrorlanmasligi uchun, Amerika manfaatlarini himoya qilish har narsaga tayyorman, demoqda. U Iroqqa shunday qaraydi," deya bildiradi tahlilchi.

Ichki masalalarga kelganda, Bush, "Mening soliq siyosati iqtisodiyotni kuchaytiryapti, yangi ish o’rinlari ochyapti," deydi.

"Muammoni ko’rib, chora ko’rdik. Kongresga, odamlarning o’z pullari ko’proq miqdorda ularga qolsin, dedik. E’tibor bering-a, meno’z pullarining ko’pi, dedim. Hukumat puli haqida aytayotganim yo’q. Washingtondagi pul, hukumatniki emas, sizniki. Sizga o’z pulingizni ko’proq qoldirish natijasida iqtisodiyotimiz o’syapti," deydi u.

O’tgan bir yilda, o’sayotgan iqtisodiyot evaziga AQShda bir milliondan ko’p ish joylari paydo bo’ldi. Shunday bo'lsa-da, ishsizlik ko’paymoqda.

Bush hukumati AQSh tarixida eng ko’p ish joyini yoq’otgan boshqaruvga aylangan. –30 yillarda Prezident Huver hukumati shunday vaziyatda qolgandi.