Chet ellik talabalar - Amerika uchun katta daromad manbai. - 2004-11-30

AQSh oliygohlari chet ellik yoshlarni o’zlariga qiziqtirish maqsadida qator tadbirlar ko’rishadi. Chunki, xalqaro talabalar ular uchun katta daromad manbai.

Xorijiy yoshlar AQShga har yili 12 milliard dollarga yaqin miqdorda moliyaviy foyda keltirishadi. Moliya vazirligiga ko'ra, oliy ta'lim sohasi AQSh eksport salohiyatining eng yirik qismlaridan biri.

Albaniyadan kelgan Ate Kala AQShda eng tanilgan oliygohlaridan biri, Amerika Universitetida ta’lim olib, hozirda shu oliygohning chet ellik talabalarni qabul qilish idorasida ishlaydi.

"Bizning idoramiz xalqaro yoshlarni talaba sifatida qabul qilish bilan shug’ullanadi. Biz jahon bo’ylab safarga chiqamiz, ayniqsa kuz oylarida. Turli mamlakatlardagi yuqori sinf o’quvchilari bilan uchrashamiz. Idoramiz chet ellik yoshlar jo’natgan hujjatlarni ko’rib chiqadi," deydi u.

2001 yilning kuzidan beri Amerikada bilim olish uchun hujjat topshirayotgan chet elliklar soni keskin darajada kamaydi, degan ma’lumotlar bor.

Ammo “AQSh Akademiklari Jurnali” bosh muharriri Sheril Darrup-Boychukning bildirishicha, o’qishga kelish uchun viza olayotganlar soni o’zgargani yo’q.

"Menimcha, AQShga o’qish uchun kelish juda mushkul, degan ommaviy tushuncha hukm surmoqda. Haqiqat shuki, bu murakkab jarayon, ammo Amerikaning eshigi xalqaro yoshlar uchun ochiq," deydi Boychuk xonim.

AQShga viza olish tartibi, qolaversa, chet ellik talabalarning bu mamlakatga ta’lim maqsadida kelishi hozirga kelib ancha murakkablashgan.

Chet ellik talabalarga boy Purdyu Universiteti Prezidenti Martik Jiski yaqinda AQSh Senati oldida hisobot berarkan, xalqaro yoshlar faqat bilim maskaniga emas, balki bugun jamiyatga foyda keltirishadi, dedi:

"Xalqaro almashinuvlar do’stlik va hamjihatlikni targ’ib etadi... Biz dunyodagi eng aqlli yoshlarga Amerikada o’qish imkoniyatini berib, ularga bizning qadriyatlarimiz va turmushimizni o’rganishlari uchun yo’l ochyapmiz."

Oliygohlar xilma-xil madaniy tadbirlar o’tkazish orqali xalqaro talabalarning Amerika muhitiga o’rganishlarida yordam berishadi.

"Vazifamiz - yoshlarga immirgratsiya masalalarida ta’lim berish, qonun-qoidalarni eslatish, hamda ularga bu yerda o’zlarini uydagidek his etishlari uchun zamin yaratish," deya bildiradi Amerika Universitetining Xalqaro Talabalar Markazi xodimi Sanam Bakar.

“Aslida turkiyalik bo’lganim uchun xalqaro talabalarni yaqindan tushunaman,” deydi u.

Ba’zi chet ellik yoshlar esa AQShda boshdan kechirganlarini, shunday izohlashdi:

Hindistonlik Shantanu Sud: "AQShda o’qishga kirish jarayonini o’ylab, bu sarmoya qilishga arzimaydi, derdim. Lekin, amalda, menga dunyodagi eng yuqori sifatli ta’lim berilyapti, ayniqsa mening sohamda, ya’ni huquqshunoslikdan."

Janubiy afrikalik Dilan Kreg: "Menimcha, bu yer odamlari juda xushmuomala. Axloqiy masalalarga jiddiy e’tibor qaratiladi. Men ham atrofdagi boshqalar singari odobli bo’lishga harakat qilaman."

Hindistonlik Asha Sundrum:"Odamlar bu yerda chunonam do’stona munosabatdalar-ki… men bunday deb kutmagandim. Samolyotdan tushganimdanoq, taksichi yaxshi muomala qilib, yordamlashdi. Juda ijobiy ta’ssurotdaman."

"Albaniyada olgan diplomimning ko’p mamlakatlarda qadri bo’lmasa kerak, ammo Amerikada olgan ilmiy darajam keng imkoniyatlar eshigini ochadi," deydi Ate Kala.