Yangi vaktsina ayollarni bachadon rakidan saqlashi mumkin

Bachadon rakiga qarshi chiqarilgan yangi vaktsina yer yuzi bo'ylab, millionlab ayollar hayotini saqlab qolishi mumkin.

Boshlang'ich sinovlarda qatnashgan xotin-qizlar, u bilan har olti oyda uch marta emlandilar.

"Qiyin bo’lgani yo’q. Hech qanday salbiy ta’siri ham bo'lmadi," deydi ko'ngillilardan biri, Erika Klayn.

Ketma-ket o'tkazilgan tajribalar samara beryapti. Bundan to’rt yil avval 11 ming nafar ayol bu vaktsinani sinab ko’rishga ahd qilishgandi.

Jarayonni to'liq yakunlagan ayollarning ko’pchiligi bugunga kelib, rak xavfidan holi, deb topilmoqda.

Lekin shu vaktsinani olgan boshqa 12 ayolning bachadonida bez paydo bo’lgani aniqlangan.

AQShdagi Dartmut Tibbiyot Oliygohi professori Diana Harper, natijani o’ta ijobiy deb baholashga hali erta, ammo vaktsina bachadon rakiga qarshi kurasha oladi, deydi:

"Bu juda ajoyib yangilik. Rakning boshqa hech bir turining oldini, vaktsina yordamida olish mumkin emas. Bu vaktsina ayollarni bachadon rakidan asray olish qudratiga ega."

Bachadon rakiga, ko’p hollarda, inson papilloma virusi degan jinsiy kasallik sabab bo’ladi. Ginekologlarning aytishlaricha, qisqacha HPV deb ataluvchi bu yuqimli virus ko’pchilik xotin-qizlarda uchraydi.

Odatda, sog’lom organizmning bu virusga qarshi kurashib, uni o’z-o’zidan yo’qotib yuborishi kuzatiladi. Ammo, sog’lig’i nimjon ayollarda, virus rakka olib borishi mumkin.

Papilloma virusidan saqlanish uchun, deyishadi shifokorlar, xotin-qizlar yiliga kamida bir marta izchil ginekologiya ko’rigidan o’tishlari zarur.

Endilikka kelib, ayollarni, aniq bir shifosi yo’q bu virusdan mana shu yangi vaktsina saqlashi mumkin. Uni olgan ayolning immunitet sistemasi bachadon rakiga qarshi kurasha oladi.

Vaktsinaning yaqin orada AQSh hukumati tomonidan ma’qullanishi kutilmoqda. O’smir qizlarini emlanishini istayotgan ota-onalar ko’p.

"Qizimning bu kasallikdan saqlanishini istayman," deydi biz bilan suhbatda bo'lgan bir ona.

"Iloji bo’lsa, rakning har qanday turiga qarshi emlantirgan bo’lardim," deydi boshqa bir so'zlovchi.

"Agar, hayotni asrab qoluvchi vaktsina mavjud bo’lsa, uni, albatta, sinab ko’rgan bo’lardim," deya javob beradi bir yosh ayol.

Shifokorlar bu vaktsinani, yaqin kelajakda, hamma xotin-qizlarga zaruriyat sifatida tavsiya qilishni mo'ljallashyapti.