Martin Lyuter Kingni yod aylab...  - 2005-01-15

Bundan 42 yil avval, Martin Lyuter King "Mening orzum” degan mashhur nutqini qilgandi.

Fuqarolik huquqlari kurashchisining bu nutqi AQShda irqiy kamsitishga qarshi harakatning muhim sahifasini ochdi.

- Orzu qilamanki, bir kun kelib bu mamlakatning asosi bo'lgan mafkura - har bir inson teng yaratilgan degan g'oya amalda hukm sura boshlaydi,- degandi siyosiy faylasuf King.

Uning 1963 yildagi ma'ruzasi va shu yili AQSh poytaxti Vashingtonda o'tgan Qora Tanlilar Namoyishi muvaffaqiyat qozonib, Amerikada fuqarolar tengligi uchun kurash kuchaydi.

Kongres o'sha yili irqchilikka qarshi qator qonunlar qabul qildi. Qora tanlilar, qonun oldida, oq tanlilar bilan teng erkinliklarga ega bo'ldi.

- Kingning ma'ruzasi irqchilik nafaqat qora tanlilarning, balki butun Amerika xalqining muammosi ekanini isbotladi. Irqchilik mudhish kasallik ekanini, e'tiqod, mehr-oqibat, hamda birlik rang tanlamasligini ko'rsatdi, - deydi fuqaro huquqlari faoli Sterling Taker.

Qora tanlilar chiqishini uyushtirishda Kingga yaqindan yordam bergan bu arbob, -63 yildagi namoyish amerikaliklarga kuchli ta'sir qilgan,- deydi.

"Namoyishdan so'ng, irqchilikka qarshi guruh, o'sha vaqtdagi AQSh Prezidenti Jon Kennedi bilan uchrashdi. Kennedi namoyishni tomosha qilganini bildirib, 'qora tanlilarni teng huquqli fuqaro bo'lishi uchun bunday namoyish zarur edi,' degandi... Kennedi hukumati talablarimizni qabul qildi. Hukumat va xususiy bizneslar bizga quchoq ochdi. Qora tanlilar ham oq tanlilar qiladigan ishlarga jalb etildi."

Vashingtonda o'zining ko'chmas mulk kompaniyasini yurituvchi Jek Jouns, Martin Lyuter Kingning nutqi menga ilhom bag'ishlagan, - deydi:

"King, “Mening orzum” mavzusida nutq so'lab, men kabi imkoniyatsiz qora tanlilarga murojaat qilgandi. Bizni kelajakka ishonishga, intilishga chorlagandi. Bugunga kelib, qora tanlilar bosh suqmagan biznes turi yo'q. Biz katta yutuqlarga erishdik. Ammo, Kingning orzusiga hali butunlay erishganimiz yo'q."

Baltimor kabi ko'pchilik aholisi qora tanli shaharlarda ishsizlik juda keng. Ijtimoiy-iqtisodiy muammolarning cheki yo'q.

Baltimorliklar nazarida, Kingning orzusi amalga oshmadi. "Qora tanlilar orasida ishsiz yurgan, qashshoqlikdan azob chekayotgan, giyohvandchilikka mukkasidan ketgan odamlar ko'p," - deydi jamoa vakili Kalvin Braun.

"Qora tanli yoshlar qora dori va mafiya qo'lida halok bo'lmoqda; 12-13 yoshli qizlarning homilador ekanini ko'rasiz. Jamoamiz halokat yoqasida. Menimcha, yetakchimiz King bunday kunlarni orzu qilmagan edi."

Kalvin Braun kabi qora tanli fuqarolar, "Nima uchun bu muammolarga qarshi kurashilmayapti,"- deb hayron bo'lishadi.

Ishsizlik, savodsizlik, va boshpanasizlikka qarshi chora bormi?

Irqchilikka qarshi kurashuvchilarning fikricha, bu masalalarni yechish uchun kishilar, avvalo, King qayd etganidek, o'z huquqlari va orzulari nima ekanini anglashlari lozim.