AQSh: Shimoliy Koreya bilan bevosita muzokara qilinmaydi.  - 2005-02-11

Oq Uy Shimoliy Koreya bilan uning yadroviy dasturi haqida to'g'ridan-to'g'ri muzokara qilmoqchi emasligini ma'lum qildi.

"Shimoliy Koreya bilan qo'shni mamlakatlar vakillari ishtirokida muzokara qilishni istaymiz, xolos," - deya bildirdi AQSh prezidenti so'zlovchisi Skot Makklellan muxbirlar savoliga javob berarkan.

Ma'lumki, Shimoliy Koreya 10 fevral kuni atom qurollariga ega ekanini e'lon qilib, AQShni yuzma-yuz muloqotga chaqirgan edi. Phenyan, bu bilan olti-mamlakat (AQSh, Rossiya, Xitoy, Yaponiya va ikki Koreya) ishtirokidagi yadroviy muzokaralarni tark etayotganini bildirdi.

Bunga javoban, AQSh hukumati, Phenyan 1994 yilgi atom quroliga intilmaslik haqidagi xalqaro bitimga qarshi ish tutib, bevosita muloqotlarning samara bermasligini isbotladi, deya bayon qildi.

11 fevral kuni, yadroviy muzokarada muhim rol o'ynovchi Janubiy Koreya tashqi ishlar vaziri Ban Kimun Vashingtonda vitse prezident Dik Cheyniy bilan uchrashdi. Oq Uyning bildirishicha, AQSh ham, Janubiy Koreya ham, Phenyan o'z atom dasturidan voz kechishi kerak, degan talabni olg'a surishda davom etadi.