Qirg'izistondagi taniqli jurnalist AQShga elchi etib tayinlandi

Qirg'izistonda o'zining korruptsiyaga qarshi maqolalari bilan yaxshi tanish jurnalist Zamira Siddiqova Bishkekda Askar Akayev o'rniga yangi hukumat kelgach, Qirg'izistonning AQShdagi elchisi etib tayinlandi. Amerikaning nufuzli gazetalaridan biri Vashington Tayms o'zining 9 apreldagi xabarida "Qirg'izistondagi inqilob Zamira Siddiqovaga ham shaxsiy inqilob keltirdi" deb yozdi.

Zamira Siddiqova Res Publika haftalik muxolifat gazetasining muharriri sifatida hokimiyat tepasida turgan siyosatchilarning korruptsiyada qo'li borligini o'zining maqolalarida qo'rqmay fosh qilgan. U o'zining ishonch yorlig'ini Prezident Bushga shu oyning so'nggida topshirishi ko'zda tutilmoqda.

Vashington Taymsga bergan intervyusida Zamira Siddiqova Qirg'izistondagi mart oyi voqealari xalqning irodasini va uning sobiq hukumatning siyosatidan noroziligini namoyish etganligini aytdi.

Uning fikricha, Prezident Bushning AQShning dunyo bo'ylab demokratik harakatlarni qo'llab-quvvatlashi haqidagi yanvar oyidagi nutqida jaranglagan so'zlari qirg'iz muxolifatini ham ruhlantirib yubordi.

Bo'lajak elchi, shuningdek, mamlakatining oldida turgan hozirgi asosiy vazifa iyun oyida prezident saylovlarini ochiq va odil ruhda o'tkazishga tayyorgarlik ekanligini, eslatib o'tdi.

Yaqinda Kanzas shtatining respublikachi senatori Sem Braunbek Qirg'izistonda bo'lib o'tadigan saylovlarni kuzatish uchun AQSh kuzatuvchilari missiyasi uchun Senat tomonidan qo'shimcha mablag' ajratilishiga muvaffaq bo'ldi.