Avstraliyalik tadqiqotchilar suv ifloslanishining oldini olishda samarali bo’lishi mumkin bo’lgan bir asbob ixtiro qildilar. Ular loy va organik moddalar, ya’ni guruchning shulxasi, choy yaproqlari yoki kofe mevasi, aralashmasidan tayyorlangan suv filtrlarini yaratdilar.
Suv filtr orqali o’tar ekan, uning ichidagi moddalar filtrdan nariga o’tmay qoladi. Ifloslangan suvni tozalashda qo’l keladigan yana bir mahsulot bu uncha qimmat bo’lmagan va janubi-sharqiy Osiyoda sodir bo’lgan tsunami jabr-diydalariga tarqatilgan filtrdir. U osmos jarayoni orqali suvni tozalaydi. Zararli bakteriyalar chiqarib tashlangach, tozalangan suv kimyoviy moddalar orqali dezinfektsiya qilinadi. Bryus Bifoy filtrni ixtiro qilgan “Memkor” Avstraliya firmasida ishlaydi.
Bryus Bifoy, Memkor kompaniyasi:
"Jarayon mikrog’ovakli bo’sh tolali membranalar asosida sodir bo’ladi. Ular devorlari mikropropusli tuzilmadan iborat naychalar ko’rinishidadir. Biz shu yaqin atrofdagi ariqdan olingan iflos suvni o’sha membrana sirti bo’ylab o’tkazamiz, so’ngra filtrlangan toza suv xlor bilan dezinfektsiya qilinadi."
Kompaniya hozirda avtomatlashgan suv tozalash filtrlarini ishlab chiqaruvchi ulkan zavodlar qurmoqda. Shu bilan birga filtrlarning kichikroq ko’chmanchi ko’rinishlari ham ko’plab miqdorda ishlanmoqda. Memkorning o’sha kichikroq asboblarni ishlab chiqaradigan hamkor firmasining xodimi Ret Batler, bu kabi asboblar millionlab odamlarning hayotlarini saqlab qolishga qodir, deb ishonadi.
Ret Batler:
"Yaqinda sodir bo’lgan tabiiy ofat natijasida ifloslangan suvni iste’mol qilish yo’li bilan vujudga keladigan tif va vabo kasalliklari o’sha mamlakatlarda endi keng tarqalaveradi. Va yaqin kelajakda toza, ichimli suvga ehtiyoj o’sadi."
Bostondagi Massachusets texnologiya instituti ilmiy xodimi Syuzen Markotning aytishicha, suv filtrlari texnologiyasini tatbiq qilish orqali Hindiston, Xitoy, Bangladesh, Gana, Meksiko va Peru kabi mamlakatlardagi millionlab odamr foyda ko’radi.
Syuzen Markot, Massachusets texnologiya instituti:
"Mahalliy materiallar yordamida ishlaydigan aynan mana shunday juda oddiy, arzon va ishlatilishi oson texnologiyalardan duyoning turli chekkalarida toza suvga qattiq ehtiyoj sezayotgan odamlar bahramand bo’ladilar."
AQShning Michigan shtatidagi Grend Rapids shahrida chiqindi suvni tozalab, uni ichimli suvga aylantirishning yangi usullari asosida ishlaydigan korxona ishga tushdi. Suvni tozalash va qayta ishlashda ximikatlarning o’rniga ultrabinafsha nurlardan foydalaniladi. Nurlar chiqindi suvni bakteriyalardan shunchalik tozalaydiki, uning tarkibida bakteriyalar va boshqa zararli mikroorganizmlar boshqa hosil bo’lmaydi. Grend Rapids hokimi Jorj Xartvelning so’ziga qaraganda, yangi tizimning shahar suv ta’minotining sifatini yaxshilashda hissasi katta bo’lyapti.
Jorj Xartvel, Grend Rapids hokimi:
"Grend River daryosiga mana shu zavodda ultrabinafsha nurli filtrlash jarayonidan o’tib tushayotgan suv, oqibatda daryodagi suvdan ham toza bo’lib chiqmoqda."
Skay Vayzmen - AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligida suvni tozalash dasturlari bo’yicha mutaxassis. Ishlab chiqarilgan yangi suv filtrlari orqali uyda ham, vodoprovod jo’mragi orqali kelayotgan suvni tozalashda qo’l keladi, deydi u.
Skay Vayzmen:
“”Procter and Gamble” kompaniyasi ham Amerikada o’zining “Sof mahsulot” deb nomlangan va uy sharoitida suvni tozalashga imkon beradigan mahsulotini reklama qilyapti. AQSh Yuqumli kasalliklarni nazorat qilish markazi hamda AQSh hukumati toza suv tizimini ta’minlash bo’yicha dastur yuritadi. Yer ostidan uzatilayotgan ichimlik suvining qanchalik toza bo’lishidan qat’iy nazar, bu kabi texnologiyalarning borligi muhimdir. Chunki suvni uyda ishlatishdan oldin, uni qaytadan zararlantirmaslikni yaxshi o’zlashtira olishning hech kimga zarari yo’q.”
Grend Rapidsdagi kabi zamonaviy zavodlar rivojlanayotgan davlatlar uchun, albatta,qimmat. Shu sabab ko’plab xalqaro kompaniyalar o’z resurslarini kamroq elektr quvvatini talab qiladigan va arzonroq bo’lgan suvni filtrlashtirish tizimini ishlab chiqish borasidagi izlanish va tadqiqotlarga sarflayapti. Bu texnologiyalarning yer yuzida toza ichimlik suvidan bahramand bo’la olmayotgan 1,1 milliard odamga nafi katta bo’lar edi.