Surgundagi qozoq siyosatchisi namoyishlarga aloqadorligini aytmoqda

  • Amerika Ovozi

Muxtor Ablyazov

Fransiyada yashovchi qozog’istonlik muxolifatchi, sobiq vazir va bankir Muxtor Ablyazov G’arb davlatlarini Qozog’istondagi voqealarga aralashib, uning Rossiyaga qaram bo’lib qolishiga yo’l qo’ymaslikka chaqirdi. Uning aytishicha, Rossiya Sovet Ittifoqini tiklashga urinmoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 7-yanvar, 2022-yil

"Buning oldi olinmasa, Qozog’iston Belarusga o’xshab qoladi”, - deydi "Qozog'iston demokratik tanlovi" muxolif harakatining lideri.

Qalloblik va davlat mulkini o’zlashtirganlik uchun Qozog’istonda qidiruvga berilgan Ablyazov o’zini namoyishchilar rahbari ekanini, har kuni Almatidagi namoyishchilarga ko’rsatma berayotganini aytadi.

Ablyazov namoyishlar kuchaysa, vataniga qaytib muvaqqat hukumatni qo’lga olishga tayyor ekanini, tarafdorlari uni kutayotganini bildirdi.

Qozog’istonda maxsus amaliyot natijasida tunda tartibsizliklarga aloqador deb topilgan 26 odam yo’q qilingan, 3000 dan ortig’i hibsga olingan. Almati politsiyasiga ko’ra, xavfsizlik kuchlarining kamida 18 a’zosi o’lgan.

Milliy gvardiya vakillarining bildirishicha, to’dalar qurol, “Molotov” kokteyllari, truba va armatura bilan hujum qilgan.

Shahardagi davlat idoralari, prezidentning sobiq rezidensiyasi hamda Respublika maydoni namoyishchilardan tozalangani aytilmoqda.

Qozog’iston xavfsizlik kuchlariga Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti doirasida Rossiya yuborgan desantchilar yordam bermoqda. Tashkilot rahbari tinchlikparvar kuchlar soni 2500 atrofida bo’lishini, zarur bo’lsa, oshirilishini aytgan.

Qozog’iston Prezidenti Qosim-Jo’mart To’qayev xavfsizlik kuchlari aksilterror amaliyotda qatnashayotganini aytib, ularga ogohlantirishsiz otishni buyurgan, taslim bo’lishdan bosh tortganlar yo’q qilinishini aytdi.

"Jangarilar qurollarini tashlagani yo’q, jinoyatlarni sodir etishda davom etmoqda. Ularga qarshi kurash oxirigacha olib boriladi. Ular bilan muloqot qilishga bizni undashmoqda. Ahmoqlikku bu! Jinoyatchilar va qotillar bilan gaplashib bo’ladimi?", – dedi prezident.

To’qayev Rossiya, Xitoy, O’zbekiston va Turkiya rahbarlariga yordam uchun minnatdorchilik bildirdi. Uning aytishicha, mamlakatga taklif etilgan Rossiya va qo’shni respublikalar qo’shinlari xavfsizlikni ta’minlash uchun Qozog’istonda vaqtincha bo’ladi.

Yaqingacha ancha xavfsiz va barqaror hisoblangan Qozog’istonda voqealarning bu qadar tez rivoj topishi ko’p tahlilchilarni shoshirib qo’ydi. Mamlakatdagi namoyishlar va tartibsizliklar turlicha baholanmoqda. Ayrim kuzatuvchilar bunga xalqning Qozog’istonda korrupsiya kuchayganidan toqati toq bo’lib, namoyishlar stixiyali boshlanganini aytsa, To’qayev tartibsizliklar ortida xorijda tayyorgarlikdan o’tgan guruhlarni ayblamoqda, Afg’oniston, Suriya kabi qaynoq nuqtalardan jangarilar mamlakatga kirgani aytilmoqda. Yana ba'zi kuzatuvchilar voqealar To’qayevning sobiq prezident Nursulton Nazarboyev hukmronligi va ta’sirini kamaytirishga qaratilgan harakat ekanini aytib, Nazarboyevning Xavfsizlik kengashi raisligidan olinganiga, hukumatni iste’foga chiqarish orqali unga yaqin odamlar lavozimlaridan ayrilganiga ishora qiladi.

Rossiyalik ayrim tahlilchilar tartibsizliklar tashkilotchilarining Ukrainadan ekanini va ularning maqsadi Qozog’istondagi vaziyatni izdan chiqarish orqali Rossiyaga zarba berish ekanini aytmoqda.

Mamlakat birinchi prezidenti va elboshi Nazarboyev namoyishlar boshlanganidan beri sukut saqlamoqda, uning hozir qayerdaligi noma'lum. Qozog'istonning "Orda" nashriga ko'ra, sobiq davlat rahbari va qizlari Qozog'istonni tark etgan bo'lishi mumkin. Ushbu matbuot organining bildirishicha, Nazarboyev sharafiga 2019-yilda "Nur-Sulton" deb nomi o'zgartirilgan poytaxtga eski nom (Ostona) qaytarilishi mumkin va shu kunlarda rasmiy xabarlarda "Nur-Sulton" so'zi ishlatilmasdan "Qozog'iston poytaxti" deya yuritilmoqda. Ostona nomini o'zgartirish taklifi hozirgi prezident To'qayevdan chiqqan edi.