Abort, ya’ni homilani oldirib tashlash Amerikada azaldan nozik masala. Jamiyat bu borada asosan ikkiga bo’lingan: bir tomon abortga butkul qarshi, har qanday muddatda.
Ikkinchi tomon fikricha esa ayol homilani oldirishni xohlasa, uni to’xtatishga hech kimning haqqi yo’q, albatta, shikofor ko’rigidan o’tib, uning maslahatini olgan holda. Prezident Tramp Oq uydagi birinchi haftasida abortga doir muhim farmon chiqardi.
Vashingtonda namoyishlar tinmayapti. Hammaning o’z fikri bor.
Tramp prezidentlik qasamyodini keltirganidan bir kun o’tib, yarim million odam, asosan, xotin-qizlar poytaxtni to’ldirib, unga o’z huquq va erkinliklarini eslatib qo’ydi, xususan, abort yuzasidan.
Lekin mana 43 yildirki, Amerikada abortga qarshi keskin targ’ibot olib boriladi. 1973-yilda Oliy Sud homilani oldirish ayolning uzviy huquqi deya hukm chiqargan.
Prezident Tramp abort yo’lida bir tiyin ham sarflamaslikni buyurdi. Gap shundaki, Amerika xorijda oilani rejalash yo’lida qator loyihalarga homiylik qiladi. Tramp bunga qarshi.
Your browser doesn’t support HTML5
Respublikachi prezidentlar oldin ham shunday farmonlar bergan. Demokrat prezidentlar odatda Oq uyga kelishi bilanoq bu farmonlarni bekor qiladi. Ular nazarida AQSh global lider sifatida ayollar salomatligi yo’lida hissa qo’shishi kerak.
Lekin Oq uy matbuot kotibi Shon Spayser deydiki:
“Yangi ma’muriyat va prezident hayotni saqlab qolish tarafdori, ya’ni abortni yoqlamaydi”.
Kongress a’zolari orasida esa tortishish davom etmoqda. Respublikachilar ko’pchilik, biroq demokratlar bu kurashni boy bermoqchi emas.
“Millionlab xotin-qizlar, jumladan, men o’zim va erkaklar yaqinda mamlakat bo’ylab namoyish qilib, shaxsiy huquqlarimiz hurmat qilinishini va himoya qilinishini talab qildik. Ayol homilani oldirishga haqli. Bu - uning ishi. Hukumat bu borada uning uchun qaror qila olmaydi, bunga haqqi yo’q”, - deydi demokrat qonunchi Ivet Klark.
“Xudoning hadyasiga yo’q deya olmaysiz. Zurriyot berayapti sizga. Qonunlarimiz buni aks ettirsin”, - deydi respublikachi Dayan Blek.
Vakillar Palatasi bu hujjatni ma’qulladi. Spiker Pol Rayan bu qarorni ulkan g’alaba deya ta’rifladi.
Abort huquqi himoyachisi Jamila Teylor fikricha:
“Kongressda o’tirganlar Amerika xalqi dardini tushunmaydi va hisobga olmaydi. Abort naqadar murakkab masala. Ayol salomatligiga ular befarq”.
2016-yilgi so’rovlarda aksariyat amerikaliklar abort ayolning huquqi deb aytgan. Gap homila qachon olib tashlanishi va buning uchun mablag’ qayerdan kelishida.
Vakillar Palatasi yangi bir qonun loyihasini ko’rib chiqishi kutilmoqda.
Unga ko’ra, agar doktor homilada yurak urmoqda deya xulosa qilsa, abort jinoyat hisoblanadi.
Taqvodor tabaqa, xususan, katoliklar bu takifni olqishlamoqda. Chad Peknold shunday ziyolilardan. U “Hayot uchun” degan harakat yetakchisi. Peknold abortni insoniyatga qarshi jinoyat deb biladi.
“Homilaning jonini seza turib, uni oldirib tashlashni qanday qilib yoqlash mumkin? Abort tarafdorlarini o’ylantiradigan qarorlar qilishimiz kerak. Ular obdon o’ylasin”, - deydi u.
Ko’plab respublikachilar Oliy Sud bir kun kelib abortni noqonuniy deb topishini orzu qiladi. 43 yil oldin qilingan hukm chetga surilsin deya talab qilib kelishadi. Sudda hozir bir o’rin bo’sh. Prezident Tramp uni yaqin orada to’ldirishi mumkin. Ya’ni, bu kursiga abortga qarshi chiqadigan sudya tanlanadi.