AQSh Energetika vazirligi texnologik izlanishlarni moliyalamoqda

  • Amerika Ovozi

2010-yildan beri AQSh Energetika vazirligi energetika sohasiga doir izlanishlarni moliyalab keladi. Xususiy kompaniyalar, davlat laboratoriyalari, universitetlar grant uchun raqobatlashib keladi, ba’zan hatto aql bovar qilmaydigan loyihalarni taklif etishadi. Bir yilda bir marta tadqiqotchilar Vashingtondagi anjumanda yig’ilib, yutuqlarini ko’z-ko’z qiladi, muhokamaga qo’yadi.

Anjumanda ko’rgazmaga qo’yilgan barcha loyihalarni Energetika vazirligi moliyalagan. Ba’zi izlanishlar boshlang’ich bosqichda, boshqalari esa bozor yuzini ko’rdi.

Ulardan biri yoqilg’i batareyasi bo’lib, tabiiy gazni elektr quvvatiga aylantiradi va tijoriy binolar hamda turar-joylar uchun arzon zaxira generatori vazifasini o’tashi mumkin.

“Bu qattiq oksidli yoqilg’i elementi texnologiyasi asosida ishlaydigan 25 kilovattli tabiiy gaz generatori”, - deydi "Redox Power Systems" kompaniyasidan Brayan Blekburn.

Tabiiy gaz quvurlar orqali o’tadi, trubalar esa teshilishi yoki sinishi mumkin. Bu esa kompaniyalar uchun qo’shimcha xarajat, atrof-muhitga ham zarar. Quvurning teshilgan joyini topish uchun mutaxassis detektor bilan ishlaydi.

Yana bir izlanish mahsuli - robotlashgan dron. U maxsus lazer yordamida katta hududlarni ko’zdan kechirib, gaz qayerdan oqayotganini aniq topib bera oladi.

“Nosozlik aniqlangan zahoti dron yaqin atrofdagi maydonni tekshirib, isrof bo’layotgan gaz miqdorini, quvur qayerdan teshilganini aniqlaydi”, - deydi "Physical Sciences" kompaniyasidan Mikki Frish.

Qora metalni metallalomdan ajratish uchun magnit ishga solinadi. Ammo mis yoki alyuminiyni ajratish uchun qo’l mehnati talab qilinadi va bu juda ham toksinli kimyoviy jarayon. Elektromagnitli separator esa jarayonni osonlashtiradi va xavfsizroq qiladi.

“Yuta universiteti yaratayotgan yangi texnologiya tozalik va mahsuldorlik bobida birinchi va yagona shunday usuldir”, - deydi "O2M Technologies" kompaniyasi vakili Don Eggert.

Jorjiya texnologiya instituti tadqiqotchilari esa quyosh energiyasi stansiyalarida generatorlar turbinalarini harakatga keltirish uchun maxsus tuz o’rniga eritilgan qalaydan foydalanish yo’llari ustida izlanmoqda.

“Haroratni ko’tara olsak, yuqoriroq samaradorlikka erisha olamiz, bu esa, tabiiyki, ayni hajmdagi maydonda ko’proq quvvat ishlab chiqarish demakdir”, - deydi institut olimi Asegun Genri.

Elektr avtomobillar takomillashishda davom etarkan, benzin dvigateli ishini yanada yaxshilash ustida ham izlanish olib borilmoqda. Yangi ishlangan modernizatsiyalashgan va optimallashgan oppozitli porshenlar dvigatelning kichikroq va yengilroq bo’lishiga qaramay, quvvatini oshirishga qaratilgan.

“Mayda ishlarni bajaradigan priborlarga, yengil avtomobillardagi moslamalarga quvvat berishda benzin dvigateliga qaraganda 50 foizdan ko’p yoqilg’i tejashga erishdik”, - deydi "Achates Power" kompaniyasidan Fabiyen Redon.

Energetika vazirligi keyingi avlod dvigatellari va yoqilg’i batareyalari hamda turli xil elektrokimyo jihozlarini yaratishga qaratilgan izlanishlar uchun 30 million dollar ajratilishi haqida e’lon qildi.