R. Geyts: Afg'on strategiyasida jiddiy o'zgarishlar bo'lmaydi

  • Amerika Ovozi
AQSh mudofaa vazirining aytishicha, siyosat dekabrda qayta ko'rib chiqiladi, ammo katta o'zgarishlarni kutmaslik kerak.

AQSh Mudofaa vaziri Robert Geytsning aytishicha, dekabr oyida Afg'oniston strategiyasi qayta ko'rib chiqiladi, ammo katta o'zgarishlar bo'lmaydi. O'tgan yili prezident Obamaning afg'on siyosati katta munozaraga sabab bo'lgan edi.

"Vashington Post" gazetasi jurnalisti Bob Vudvord "Obamaning urushlari" degan yangi kitobida Oq uy ma'muriyati a'zolari strategiya samara berishiga shubha qilib, afg'on urushini qanday olib borish haqida qattiq bahslashgan, deb da'vo qiladi.

Kitobni yozish jarayonida jurnalistga intervyu bergan vazir Geyts uning mazmuniga munosabat bildiradi.

"Mojaro bo'lsa, kitob yaxshi sotiladi. Shuni ta'kidlab o'tishim kerakki, ma'muriyat a'zolari o'rtasidagi munosabatlar juda iliq. Prezidentga hamisha puxta o'ylangan maslahatlar beriladi", - deydi Geyts.

"Vashington Post" va "Nyu-York Tayms" gazetalari kitobdan parcha keltirgan. "Obamaning urushlari" kelasi hafta sotuvga chiqariladi.

Unda aytilishicha, AQShning Afg'onistondagi qo'mondonlari askarlar sonini oshirishni so'ragan bo'lsa-da, prezident Obama qo'shinlarni chiqarish haqida o'ylashga chaqirgan.

O'tgan yil oxirida Obama Afg'onistonga qo'mondonlar so'raganidan kamroq - 30 ming askar yuborishga qaror qilgan edi. So'ng 2011-yil iyulidan boshlab qo'shinlar chiqariladi, deb e'lon qilgan. Qarordagi bunday keskinlik, muallif Vudvord nazarida, Oq uy ichidagi ziddiyatlar va tortishuvlardan darakdir.

Geyts prezident mustaqil ravishda qaror qilib, unga qarshilik bo'lmadi, deydi.

Dekabr oyida afg'on strategiyasi qayta ko'rib chiqiladi. Unda katta o'zgarish bo'lmaydi, deydi mudofaa vaziri.

"Ba'zi joylarda, ba'zi jabhalarda kichik o'zgarishlarni kutsa bo'ladi", - deydi u.

Ayni damda Afg'onistonda 150 mingga yaqin AQSh va xalqaro kuchlar bor. Ular kelasi yozda vaziyatga qarab chiqarilishi mumkin.