Afg’oniston kelajagi – yangi rahbardan yangi umidlar

  • Amerika Ovozi
Afg’on ahli 5-aprel kuni yangi prezident uchun ovoz beradi. Hokimiyat ilk bor tinch va demokratik yo’l bilan almashadi, degan umidlar bisyor.

Your browser doesn’t support HTML5

Afg’oniston kelajagi – yangi rahbardan yangi umidlar/Shohruh Hamro


Konstitutsiyaga binoan amaldagi rahbar Hamid Karzay poygada qatnashish huquqiga ega emas. Saylov oldidan mamlakat notinch. Xorijiy askarlarning qolish-qolmasligi ham aniq emas.

Saylovoldi kampaniyalar qizg’in o’tdi, lekin 2009-yilda bo’lgani kabi millionlab ovozlar soxtalashtiriladi va tadbir noxolis o’tadi, degan xavotirlar kuchli.

Vashingtonda elchilik qilgan Said Javodning aytishicha:

“Agar saylovga yuqori baho berilsa, Afg’onistonda shu kungacha qilingan ishlar zoye ketmaganini, demokratik institutlar ishlayotganini namoyish etgan bo’ladi”.

Ammo toliblar saylovga qarshi ekanini deyarli har kuni eslatib turibdi. Mamlakat bo’ylab qonli hujumlar… jangarilar ovoz berganlarni o’ldiramiz, deb ogohlantiryapti.

Muvaffaqiyatli saylovlar Afg’onistonda tinchlik qaror topishi uchun muhim, deydi Janubiy Osiyo bo’yicha ekspert Endryu Vaylder.

“Saylov konstitutsiyaviy tizimni amalda sinaydi. Mamlakat yaxlitligi shunga bog’liq.”

Afg’oniston kelajagini savol ostiga qo’yayotgan yana bir omil shuki, AQSh va NATO zobitlarining bu davlatda qolishi haligacha aniq emas. Xavfsizlikni ta’minlovchi bitimga kelishilgan, lekin prezident Hamid Karzay unga qo’l qo’ymayapti.

“Bosim va qo’rqitishlar bilan bizni bu kelishuvni imzolashga majburlay olmaymiz. Chet elliklar ketmoqchi bo’lsa, marhamat, bugunoq jo’nasin”, - deydi u.

Hujjat imzolanmasa, Afg’oniston yana fuqaro urushiga qaytishi mumkin. Al-Qoida singari terrorchi guruhlar bu davlatda yana in qo’ysa ajabmas.

Amerika Biznes institutidan Frederik Kagan fikriga ko’ra:

“Kelishuvga qo’l qo’yilmasa va Obama barcha askarlarni olib chiqishga buyruq bersa, Afg’oniston ostin-ustun bo’ladi. AQShning mintaqadagi manfaatlariga ham putur yetadi”.

Afg’oniston iqtisodiyoti, ma’lumki, milliardlar dollar tashqi yordamga tayanadi. Xorijiy askarlar bitta ham qolmay ketsa, madad ham uziladi.

“Kelishuv albatta imzolanishi kerak. Ham iqtisodiy, ham xavfsizlik nuqtai nazaridan ahamiyatli bu”, - deydi parlament a’zosi Shukriya Barakzay.

Prezidentlikka nomzodlarning barchasi xavfsizlik bitimini tasdiqlash hamda G’arb bilan ham munosabatlarni yaxshilash tarafdori.

Endryu Vaylder fikricha, eng jiddiy tahdid bu - soxta saylovlar. 2009-yilda milliondan ziyod ovozlar hisobga olinmagan edi.

“Ovozlar soxtalashtirilsa va qonunbuzarlik hollarini izchil tekshirish mexanizmi joriy etilmasa, natijani hech kim tan olmaydi, ishonch yemiriladi”.

Ekspertlar deydiki, agar saylov adolatli tarzda o’tsa, mag’lub bo’lgan nomzodlar natijani tan olishi ham katta ahamiyatga ega.

Kelajak o’z qo’lingizda, deydi demokrat senator Tim Keyn afg’onlarga qarata.

“5-aprel kuni afg’on ahli zo’ravonlik va terrorizmga yo’q deb, ovoz berishga chiqadi. Ular ikki yo’ldan birini tanlashi kerak: Afg’oniston oldinga qadam tashlaydimi yoki orqaga? Qon to’kilishlar emas, balki fuqarolarning siyohga botirilgan barmog’i yodda qoladi”.

Senatorning aytishicha, xunrezlik demokratik jarayonni to’xtata olmaydi.

“Afg’onistondagi hujumlar qo’rqoqlik nishonasi. Toliblar biladiki, saylov varaqalari bu harakat va uning ittifoqchilari uchun eng katta tahdid. Odamlar ovoz berishga chiqib, tanlash huquqidan foydalansa, jangarilarning kuni bitadi. Ular shuni bila turib, saylov oldidan vahima urug’ini sochishga harakat qilayapti. Tolibon yengilishini biladi, xalq ularga ergashmayotganini biladi”.

Tim Keyn Afg’onistondagi yutuqlar nima evaziga erishilgani xususida ham so’zladi.

“Qo’shma Shtatlar Afg’onistonda 2,300 zobitidan ayrildi. 2001-yildan buyon bu davlatda 600 milliard dollard sarflandi. Albatta, Afg’oniston oldidan turgan bugungi va ertangi muammolar haqida ko’p gapirish mumkin, lekin oxirgi 13 yilda qanday yo’lni bosib o’tganimizni ham unutmaylik”.