Afg'onlar siyosiy raqiblarning birga ishlashini umid qilmoqda

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

14-iyun kuni Afg’onistonda o’tgan prezident saylovi natijalari hali rasman e’lon qilingani yo’q. Nomzodlar Ashraf G’ani va Abdulla Abdulla o’rtasidagi siyosiy kurash esa davom etmoqda. Aholi, xulosa qanday bo’lishidan qat’i nazar, raqiblar kelishib mamlakat kelajagi uchun birga ishlashidan umidvor.
Kobul ko’chalari eski hayotga qaytgan. Tolibon tahdidlariga qaramay saylovlarda ishtirok etgan aholi endi kelajak haqida qayg’urmoqda.

Hozir ishsiz Said Mas’ud Islomiy kim kelishidan qat’i nazar, mamlakat ravnaqi uchun ishlashi kerak, deydi.

“Navbatdagi prezident Afg’onistonga tinchlik keltirsin. Shundan keyin iqtisodiyot ham o’nglanadi. Iqtisod yaxshilansa, biz ishli bo’lamiz va yashash sharoiti yaxshilanadi”, - deydi u.

14-iyun kuni bo’lib o’tgan saylovda 7 million atrofida fuqaro ishtirok etdi.

Tahlilchi Mir Ahmad Joyendaning aytishicha, saylov mamlakat uchun o’zgarish nuqtasi bo’ladi.

“Nihoyat, yuzlab yillar o’tgach, afg’on xalqi o’z taqdirini o’z ovozi bilan o’zgartira olishini anglab yetdi”, - deydi u.

BMTning Afg’oniston bo’yicha maxsus vakili Yan Kubis siyosiy tarqoqlikning xavfli oqibatlaridan ogohlantiradi.

“Kimning prezident bo’lishi aniq bo’lgach, u ikkinchi tomonning odamlari, guruhi va jamoasi bilan hamkorlikda qanday ishlash bo’yicha kelishadi. Kelajak uchun bu zarur”, - deydi BMT rasmiysi.

Prezidentlikka nomzod Abdulla Abdulla ham, Ashraf G’ani ham ovoz berish jarayonida qonunbuzarliklar ro’y berganidan shikoyat qilmoqda.

Xalqaro va mahalliy rahbarlar Afg’oniston saylov komissiyasini shikoyatlarni to’liq o’rganib, aholiga haqqoniy natijalarni taqdim etishni so’ramoqda.

Raqib siyosiy guruhlarni birlashtirish uchun juda ko’p qiyinchiliklarni yengish kerak, deydi Joyenda.

“Jangarilar bir muammo, qo’shni davlatlarning aralashuvi yana bir muammo. Korrupsiya, qonun ustuvorligi, yerlarning tortib olinishi, mafiya kabi muammolar ham o’sib bormoqda. Har ikki tomon hamkorlik qilmasdan turib bu qiyinchiliklarni bartaraf eta olmaymiz”, - deydi tahlilchi.

Saylovning ilk natijalari 2-iyulda chiqishi kutilyapti. Yakuniy natija esa 22-iyulda e’lon qilinadi.