Afg'onistonda 20-oktabr kuni bo'lib o'tgan saylovlarda ovoz bera olmagan fuqarolarga yakshanba kuni saylovga chiqishga imkon berildi.
Mustaqil saylov komissiyasi vakillarining aytishicha, shanba kuni uch million odam ovoz bergan. Ba'zi saylov uchastkalarining umuman ishlamagani, ba'zilarida esa texnik nosozliklar qayd etilgani aytilmoqda.
Tolibon saylovlarga to'sqinlik qilishga harakat qildi. Jangarilarning saylov uchastkalari va saylovchilarga hujumlari natijasida kamida 15 odam nobud bo'ldi, yaradorlar bor. May oyida deputatlikka nomzodlar ro'yxatga olina boshlaganidan beri mamlakat bo'ylab sodir etilgan xurujlarda 10 nafar nomzod nobud bo'ldi.
Hukumat 5100 ta saylov uchastkasida xavfsizlikni ta'minlash maqsadida 70 ming politsiyachi va askarni safarbar etdi.
Avvaliga saylov kuni 7000 dan ziyod saylov uchastkasida ovoz berilishi rejalangan edi, biroq xavfsizlik qaltis bo'lgan hududlarda saylovni o'tkazmaslikka qaror qilingan.
Tolibon saylovga doir har qanday faoliyatni izdan chiqarishi haqida ogohlantirdi.
G'oliblar bir necha haftada e'lon qilinadi.
Payshanba kuni Qandahorda viloyat politsiyasi boshlig'i general Abdul Roziq xurujda o'lganidan so'ng saylov qoldirildi. G'aznida esa mahalliy aholi orasida siyosiy bahs keskinlashgach, saylov komissiyasi ovoz berishni kelasi yilga ko'chirdi.
Saylovni salkam yarim million kuzatuvchidan tashqari bir necha mamlakat hamda Yevropa Ittifoqidan 132 ta mutaxassis kuzatgan.
2500 dan ziyod nomzod parlamentdagi 249 ta o'rin uchun bellashmoqda. Shulardan 400 dan ziyod ayollar. Ularga parlamentda 68 ta o'rin ajratilgan.