Afg'oniston saylov komissiyasi 16 da'vogar arizasini qaytardi

Afg'oniston mustaqil saylov komissiyasi raisi Ahmad Yusuf Nuristoniy (markazda) matbuot anjumani paytida, Kobul, 22-oktabr, 2013-yil

Afg’oniston mustaqil saylov komissiyasi prezident saylovlarida ishtirok etish xohishini bildirgan 26 da’vogardan 16 nafarini ro’yxatga olmagan. Komissiya xulosasida aytilishicha, ba’zilari yetarlicha imzo to’play olmagan, boshqalari esa hujjatlarni to’g’ri to’ldirmagan yoki yetarli ma’lumot kiritmagan.

Qoidaga ko’ra, nomzod bo’lish uchun kamida 20 viloyatdan jami 100 ming imzo to’plab, 18 ming dollar to’lash zarur.

Ro’yxatga olingan 10 nomzod orasida prezident Hamid Karzayning akasi Qayum Karzay, sobiq tashqi ishlar vaziri Abdulla Abdulla, sobiq moliya vaziri Ashraf G’ani bor.

Hujjatlari qabul qilinmagan da’vogarlar apellyatsiya qilishi mumkin. Prezidentlikka nomzodlarning yakuniy ro’yxati 16-noyabr kuni e’lon qilinadi.

Prezident saylovlari 2014-yil 5-aprelida o'tkaziladi.