Afg’on rasmiylari bo’lajak prezidentlik saylovlari tinch o’tishi uchun barcha xavfsizlik choralari ko’rilayotganini aytmoqda. Tolibon saylovda qatnashganlarni nishonga olishi haqida ogohlantirganidan beri saylovning sust kechishi taxmin qilinayotgan edi.
Afg’onistonda 5-aprel kuni prezidentlik hamda 458 nafar hududiy kengash vakili o’rni uchun saylov bo’lib o’tadi. Saylov kampaniyasi faollarining jangarilar tomonidan nishonga olinayotgani ham mahalliy, ham xalqaro kuzatuvchilarni birdek tashvishga solmoqda.
Your browser doesn’t support HTML5
Mustaqil kuzatuvchilarning xabar berishicha, olti hafta oldin saylov kampaniyasi rasman boshlanganidan beri saylov bilan bog’liq oltita qotillik hamda ko’plab turli darajadagi zo’ravonlik holatlari kuzatilgan.
Tolibon fuqarolarni saylovda qatnashmaslikka undab, jarayonni chippakka chiqarish uchun qo’lidan kelgan barcha choralarni ishga solishi haqida ogohlantirmoqda.
“Human Rights Watch” Tolibonning saylovni to’xtatishga qaratilgan harakatini “noqonuniy” va “nafratlanarli” deya atagan. Tashkilot Afg’oniston rasmiylarini saylov jarayonini va saylovchilarni himoya qilish uchun barcha zarur choralarni ko’rishga undamoqda.
Afg’oniston Ichki ishlar vazirligi so’zlovchisi Muhammad Najib Nikzadning aytishicha, hukumat erkin va oshkora saylovlar o’tkazishga tayyor. Unga ko’ra, saylov kuni butun mamlakat bo’ylab 400 ming askar va politsiyachi fuqarolarni himoya qilish uchun safarbar etiladi.
Nikzadning aytishicha, Tolibonning hujum haqidagi ogohlantirishlari faqat aholini qo’rqitishga qaratilgan. Ammo hukumatni saylovlarni o’tkazishdan to’xtata olmaydi. U Afg’onistonning faqat to’rt tumanida jiddiy tahdidlar mavjudligini aytib, ularni bartaraf etish uchun kerakli choralar ko’rilayotganini ta’kidladi.
AQSh Senatida guvohlik bergan general Jozef Danford ham Afg’onistonda saylovga aloqador zo’ravonlik hollari ko’payganiga urg’u berdi. Ammo mavjud xavflarni bartaraf etish uchun afg’on kuchlari yetarli jismoniy salohiyat va imkoniyatga ega, dedi u.
“Razvedka va ochiq manbalardan olgan ma’lumotlarimizga ko’ra, isyonchilar 2014-yilgi saylovga xalal berishga va afg’on kuchlari ruhini sindirishga qasd qilgani shubhasiz. Yil oxirida biz jo’nab ketayotganimiz uchun ular bu paytni eng muhim vaqt deb hisoblaydi. Shuning uchun xavfsizlik hanuz beqaror degan tushuncha hosil qilish maqsadida yuqori darajali hujumlarni amalga oshirishi ehtimoli yuqori”, - deydi AQSh qo’mondoni.
NATO boshchiligidagi xalqaro kuchlar shu yilning dekabr oyigacha Afg’onistonni tark etadi.
AQSh kuchlarining yana qancha miqdori mamlakatda qolishi hanuz ma’lum emas. Bunga oydinlik kiritishi lozim bo’lgan Xavfizlik shartnomasiga Prezident Hamid Karzay imzo qo’yishdan bosh tortmoqda.
16-mart kuni prezidentlikka nomzodlardan yana biri – sobiq Mudofaa vaziri Rahim Vardak saylovda qatnashmasligini va qolgan nomdozlardan hech birini afzal ko’rmasligini ma’lum qildi. Shu oy boshida amaldagi prezidentning akasi Qayum Karzay ham o’z nomini qaytib olib, sobiq Moliya vaziri Zalmay Rasul nomzodini qo’llab-quvvatlashini e’lon qilgan edi.
Prezidentlik uchun to'qqiz kishi kurashmoqda. Ular orasidan Zalmay Rasul amaldagi prezidentning qo’llab-quvvatloviga ega ekani aytilmoqda.