Afg'oniston yangiliklari. 13-sentabr, 2021-yil

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot – 13-sentabr, 2021-yil

BMT: Tolibon bergan va'dalarining ustidan chiqmayapti

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Jenevada Afg’onistonga gumanitar yordam ko’rsatish mavzusida anjumanga mezbonlik qilmoqda. Tolibon rahbarlaridan biri Qori Said Xosti harakat ayni damda xalqaro hamjamiyat bilan muloqotda ekanini ma’lum qildi.

BMT Afg’oniston gumanitar inqirozga yuz tutayotgani haqida ogohlantirib, anjumanda muhtojlar ehtiyojlari uchun yil oxirigacha 600 million dollardan ko’p pul ko’tarmoqchi.

Britaniya hukumati gumanitar yordamni Tolibon orqali uzatmasligini bildirdi.

Tolibon hokimiyatga kelmasidan oldin ham aholining yarmi yoki 18 millioni tashqi yordamga tobe edi. Qurg’oqchilik, moliyaviy kamomad va oziq-ovqat tanqisligi vaziyatni yanada keskinlashtirishi aytilmoqda.

BMT rasmiylariga ko’ra, Tolibon bergan va’dalarini bajarmayapti, jumladan ayollar maqomiga kelganda.

Xususan, BMTning Inson huquqlari bo’yicha Oliy komissari Mishel Basheletning aytishicha, so’nggi 3 haftada ayollar mamlakatdagi jarayonlarga jalb etilmayapti, xususan toliblar tuzgan yangi hukumatda birorta ayol yo’q, vazirlarning aksariyati pashtunlar.

Basheletga ko’ra, sobiq davlat xizmatchilari va xavfsizlik kuchlari xodimlariga e’lon qilingan amnistiyaga ham rioya qilinmayapti, toliblar uyma-uy yurishmoqda.

O'zbekistonga harbiy transportda qochgan afg'on uchuvchilari mamlakatni tark etdi

Bu o’rtada bir oy oldin Afg’onistondan O’zbekistonga uchib o’tgan o’nlab afg’on uchuvchisi va oila a’zolari AQShning Birlashgan Arab Amirliklaridagi harbiy bazasiga olib chiqilgan.

O’zbekiston Tashqi ishlar vazirligi uchuvchilar deportatsiya qilingani haqida bayonot berdi, biroq aslida ularning evakuatsiyasi AQSh bilan muzokara natijasi bo’ldi.

Amerikalik harbiylar tomonidan tayyorgarlikdan o’tgan uchuvchilar Tolibon hokimiyatga kelishi bilan 46 ta samolyot va vertolyotda O’zbekistonga qochgan. Tolibon rasmiy Toshkentdan qochoqlar va samolyotlarni qaytarishni so’rab kelgan edi.

AQSh rasmiylari O’zbekistondan harbiy transportni AQShga topshirishni so’rashi kutilmoqda.

Tolibon o’tmishda afg’on harbiy pilotlarining iziga tushib, ba’zilarini o’ldirgan.

AQShga evakuatsiya qilingan afg'onlarda na o'qishga, na ishlashga ruxsat bor

Afg’onistondan AQShga evakuatsiya qilingan afg’onlar xavfsiz ekanidan xursand, biroq yangi hayot boshlash hammaga ham oson emas.

“O’qishimni davom ettirishni xohlayman. Ishlagim keladi. Mustaqil hayot kechirishni istayman. O’z mashinam bo’lsin”, - deydi Bibi Sora Kamol ismli bir ayol.

Biroq evakuatsiya qilinganlarning ko’pida hozircha AQShda o’qish va ishlashga ruxsat yo’q. Bibi Sora stomatolog bo’lishni istaydi, Afg’onistonda o’qishi chala qolgan.

Vatanini tark etishga majbur bo’lgan minglab afg’onlarga ishlash va o’qishga ruxsat beruvchi qochqinlik maqomi emas, ikki yillik shartli viza berilgan. Aksariyati AQSh fuqarosi yoki maxsus muhojirlik vizasi bo’lgan odamlarning qarindoshi bo’lib, samolyotga hujjatsiz chiqqan.

Qochqinlarga yordam beruvchi xalqaro tashkilot vakili Adam Beyts Virjiniya shtatidagi Fort-Li harbiy bazasida yuzlab hujjatsiz afg’onlar bilan ishladi.

“AQSh hukumati odamlarni samolyotga chiqarib, 10 ming kilometr masofa bosib, Amerikaga olib kelganidan so’ng ularga ishlashga ruxsat ham beradi deb o’ylaysiz. Ammo bunday emas”, - deydi u.

“Immigratsiyani o’rganish markazi” xodimi Endryu Artur vaziyatdan xavotirda ekanini bildirdi.

“Pulsiz odam bu mamlakatda soyali iqtisodiyot yoki jinoyatga o’zini uradi tirikchilik qilish uchun”, - deydi u.

Bayden ma’muriyati bunday afg’onlarni tekshiruvdan o’tkazib, joylashtirish uchun Kongressdan 6 milliard dollardan oshiq pul so’ramoqda.

So’nggi ijtimoiy so’rov natijalariga ko’ra, amerikaliklarning katta qismi afg’onlarning AQShga keltirilishiga qarshi emas.

Senator Ron Jonson kabi respublikachi qonunchilar afg’onlarni yaxshilab tekshirish kerak, deydi.

“Ba’zilari terrorchilar qora ro’yxatida bo’lishi yoki biror muammo keltirib chiqarishi mumkin. Axir biz ularni qonuniy tarzda qabul qilyapmiz”, - deydi Jonson.