11-yanvar kuni Islomobodda Pokiston, Afg'oniston, Xitoy va AQSh rasmiylari uchrashib, afg'on tinchlik jarayonini jonlantirish xususida gaplashadi.
Afg'oniston Tashqi ishlar vazirligi so'zlovchisi Ahmad Shekib Mostag'niyning aytishicha, Pokiston armiyasi rahbari general Rohil Sharifning dekabr oyida Kobulga safari chog'ida muloqotga kelishildi.
Tolibon Afg'oniston hukumati bilan yozda muzokaralarga kirishdi. Biroq harakatning uzoq yillik yetakchisi Mulla Umarning vafot etgani ayon bo'lgach, guruh ichida hokimiyat uchun kurash boshlanib, jangarilar muloqotdan chiqdi.
Ayrim kuzatuvchilarga ko'ra, Pokiston Tolibonga o'z so'zini o'tkaza oladi va jangarilarni muzokaralarga qaytarishi mumkin.
"Afg'on hukumatining qo'lidan bu ish kelmaydi", - deydi pokistonlik tahlilchi Saad Xon.
Kobul Islomobodni toliblarni sirtdan qo'llab-quvvatlab kelayotganlikda ayblab keladi. Pokiston bu ayblovlarni inkor etadi. Ta'kidlash joiz, Tolibon rahbarlarining aksariyati Pokistonning Afg'oniston bilan chegaradosh Kvetta va Peshovar shaharlarida yashaydi.
Dushanba kunga belgilangan muloqotda Tolibon vakillari qatnashmaydi, ammo Islomobod tinchlik jarayonida ishtirok etish istagini bildirgan toliblar ro'yxatini afg'on hukumatiga taqdim etadi.
Jangarilar xalqaro qo'shinlar Afg'onistonni tark etsin, so'ng hukumat bilan gaplashamiz, deb keladi. Ayni damda mamlakatda 13 ming xorijiy askar bor, shulardan salkam 10 minggi amerikalik.