Afg’onistonda 5-aprel kuni prezidentlik uchun bo’lib o’tadigan saylovda sakkiz nomzod bellashadi. Ikkinchi prezidentlik muddatini yakunlayotgan Hamid Karzay navbatdagi saylovda qatnasha olmaydi. Shu bois mamlakatda hokimiyat ilk bor demokratiya yo’li bilan boshqa yetakchi qo’liga o’tishi kutilyapti.
Saylovda uch nomzod asosiy da’vogarlardan ekani aytilmoqda. Iqtisodiyoti zaif va bomba hujumlariga tez-tez duchor bo’ladigan mamlakat uchun ular barqarorlikni kuchaytirish va ish o’rinlarini yaratishni va’da bermoqda.
Jahon bankining sobiq rasmiysi Ashraf G’ani korrupsiyaga qarshi kurashga alohida e’tibor qaratib, shu yo’l bilan iqtisodiyotni ko’tarishni hamda siyosiy tizimni muztahkamlashni niyat qilgan.Your browser doesn’t support HTML5
Sobiq Tashqi ishlar vaziri Zalmay Rasul ham asosiy da’vogarlardan biri. Amaldagi prezidentning akasi Qayum Karzay yaqinda o’z nomzodini qaytib olayotganda uni qo’llab-quvvatlashini ma’lum qildi.
Shundan so’ng Rasulning prezident Karzay himoyasidagi nomzod ekani haqida gaplar paydo bo’ldi.
Tolibonga qarshi chaqiriqlari bilan tanilgan Abdulloh Abdulloh ham ish o’rinlarini ko’paytirishni va barqarorlik o’rnatishni va’da bermoqda. U, shuningdek, asosiy hokimiyatning prezident qo’lida mujassamlanishi tarafdori.
Prezident Karzayni ikkinchi muddatga hokimiyatga olib kelgan avvalgi saylov turli firibgarlik va qonunbuzarliklar ostida o’tgan.
Bu safar esa xavfsizlik - asosiy muammo. Tolibon saylovda qatnashganlarni hujumga tutishini bildirganidan so’ng ayrim xalqaro kuzatuvchilar mamlakatni tark etdi. Agar saylov muvaffaqiyatli o’tsa, ilk bor demokratik yo’l bilan hokimiyat almashadi, deydi AQShdagi Tinchlik instituti tahlilchisi Endryu Uilder.
“Siyosiy barqarorlik, xavfsizlik va iqtisodiy vaziyat yaxshilanishi uchun bu saylovlarning muvaffaqiyatli o’tishi juda muhim. Shuning uchun, agar ular yaxshi o’tsa, ijobiy o’zgarishlar bo’ladi, deb o’ylayman”, - deydi mutaxassis.
Nomzodlar orasida avvalgi faoliyati davrida inson huquqlarini poymol etganlikda ayblanayotganlar ham bor. Ammo Afg’onistonda hozir adolatdan ko’ra barqarorlikka ko’proq e’tibor berilmoqda.
Tolibon saylovga tahdid solmoqda. Shu paytgacha bir qator saylov uchastkalariga, nomzodlar hamda kuzatuvchilarga qarshi hujumlar uyushtirildi.
Saylov bo’yicha xavfsizlik qo’mitasi rahbari general Salim Ehsasning aytishicha, mahalliy va xalqaro kuchlar birgalikda 12 million saylovchini himoya qilish uchun barcha choralarni ishga solmoqda.
“Saylov uchastkalari, yo’llar va odamlarni himoya qilish uchun politsiya va askarlarimiz yetarli. Xalq biz tomonda. Oqsoqollar, diniy rahnamolardan ham bu ishda yordam so’raganmiz”, - deydi rasmiy.
Nomzodlarning barchasi AQSh bilan tuzilgan xavfsizlik bitimining imzolanishi tarafdori. Ammo kim prezident bo’lishidan qat’i nazar, AQSh bilan keyingi harbiy aloqalar shartlarini tasdiqlash uchun, avvalo, ichki qarshiliklarni yengib o’tishi lozim bo’ladi.