Shimoliy Afrika va Yaqin Sharqda xalq repressiv hukumatlardan dod deb chiqayotgani dunyo ahliga mustahkam davlatchilik va oshkora tuzum qurish naqadar muhim ekanini eslatmoqda.
AQSh 2014 yilga borib Afg’onistondagi qo’shinlarini butunlay olib chiqishni rejalagan. Bu degani kelasi uch yilda mahalliy xavfsizlik sektori xalqni himoya qila oladigan kuchga aylanishi kerak.
Amerika diqqatni mana shunga va iqtisodiy taraqqiyotga qaratmoqda. Lekin tuzum korrupsiya iskanjasida. O’tgan saylovlarda soxta ovozlar berilgani, jarayon adolatli o’tmagani tuzum juda zaif ekanidan dalolat berdi, deydi ekspertlar.
Alvaro de Vaskonselos, Yevropa Ittifoqi Xavfsizlik Instituti yetakchi eksperti, tahlilicha, iqtisodiy taraqqiyotning o’zigina tinchlik garovi deb o’ylash noto’g’ri. Islohotlar har bir jabhada ro’y berishi kerak, ayniqsa, siyosiy tizimda, deydi u.
“Jamiyat bir paytning o’zida ham siyosiy, ham iqtisodiy jihatdan rivojlanishi maqsadga muvofiq. Ular bir-biriga chambarchas bog’liq, bir-birisiz yuz bera olmaydi”.
Afg’onistonda bunga erishish uchun hali uzoq vaqt kerak. Lekin, deydi ekspert, har bir qadam o’ylab bosilmasa, vaziyat yanada murakkablashishi, yana izdan chiqishi mumkin.
Zuhra Bahmon, Kobulda siyosiy izlanishlar olib borayotgan olima nazarida hukumat Tolibon qurolni tashlasa, muammo hal bo’ladi deb xom o’ylamoqda.
Jangarilar bilan murosa qilish zarurati masalaning bir qismi xolos, deydi u. Xalq demokratik tuzum nima naf berishini tushuna boshlashi kerak. Odamlar oshkora jamiyatda yashash nima ekanini his qila boshlashi kerak. Konkret o’zgarishlarga guvoh bo’lishi kerak. Bu hol xalqning o’ziga ishonchini oshiradi.
“Siyosiy partiyalar omma, ayniqsa yoshlar bizga ergashsin desa, o’ziga vijdonli, haqgo’y insonlarni lider etib tanlaydi. Pora bermay ham xalq ovozini olish mumkinligini isbotlaydi. Qurolsiz ham maqsadga yetish mumkinligini isbotlaydi. Bu og’ir mas’uliyat, lekin demokratiya mana shuni talab qiladi”,- deydi Zuhra Bahmon.
Olima fikricha, uning xalqi hali mana shu zaruratni tushunib yetmagan.
Alvaro de Vaskonselos uning gapiga qo’shiladi, ammo afg’on xalqi ko’p jihatdan xalqaro hamjamiyatga tobe ekani, uning yordamiga muhtoj ekanini eslatadi. Uzoq yillar urush dahshatida, zulmatda yashagan xalq bir necha yil ichida erkin jamiyatga aylanib qolmaydi, deydi u.
Uning taklifi shuki, demokratik davlatlar Afg’onistonda yangi partiyalar vujudga kelishi uchun hissa qo’shishi kerak.
“Mana hozir Misrda ham shunday zarurat bor. Tunisda ham odamlar yordam kutmoqda. Kuchli siyosiy partiyalar demokratiya poydevori. Oshkora ish yuritadigan, xalq dardini aks ettiradigan va muammolarga o’z yechimini taklif qiladigan guruhlar kerak”,- deydi u.
Xalq ishonchini qozonmasa, hech bir partiya uzoqqa bormaydi. Siyosiy raqobat qurolli mojaro emas, taraqqiyotga yetaklashi kerak. Buning uchun esa, deydi Alvaro de Vaskonselos, xalqning siyosiy ongini oshiradigan ishlar qilish kerak: fuqaro jamiyatini qo’llab-quvvatlash, ta’lim tizimini yaxshilash va ommaviy axborot vositalarini erkinlashtirish.