AQSh: Kelasi o'n yil Afg'onistonda "transformatsion davr" bo'ladi

  • Amerika Ovozi

Kobul

Bugun Kobulda Afg’oniston Tashqi ishlar vaziri Zalmay Rasul AQSh Davlat kotibi muovini Vilyam Berns bilan muzokaralar olib borgan. Maqsad – 2015-2024 yillar orasidagi hamkorlik shartlarini belgilab olish.

Your browser doesn’t support HTML5

"Amerika Ovozi" xabarlari, 11-may, 2013


Xalqaro koalitsiya afg’on zaminini kelasi yilning oxirigacha butkul tark etadi. Undan keyin Amerika bu davlatda qancha va qanday qo’shinga ega bo’ladi? Mana shu masala hozir muhokamada.

Vashington ta’biricha kelasi 10 yil “transformatsion davr” bo’ladi, ya’ni Afg’oniston davlat va jamiyat sifatida o’zini o’zi eplay olishini isbotlash uchun sinov. AQSh siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy yordam berishga tayyor.

Afg’oniston Vashingtonning strategik sherigi sifatida tan olinib, bunday hamkorlarga atalgan imtiyoz va ko’mak dasturlari taklif qilinadi. Milliardlab dollar ajratiladi.

Amerika kelasi yili Afg’onistonda o’tadigan saylovlar demokratik va erkin kechishini istaydi, deydi Vilyam Berns. Vashington hech qanday bosim o’tkazmaydi va boshqa davlatlar ham jarayonga aralashmasligi shart, deydi diplomat.

Amaldagi rahbar Hamid Karzay o’z nomzodini qo’ymoqchi emas. Boshqa da’vogarlar ham hozircha noma’lum.

2014-yildan keyingi hamkorlik shartlari hali aniq emas, deydi Berns, ammo bir narsa oydek ravshan: Amerika Afg’onistonni o’z holiga tashlab qo’ymaydi. Bu xalqqa har tomonlama madad ko’rsatishga, tinchlik va farovonlik yo’lida hissa qo’shishga tayyormiz.

Korrupsiya va zaiflikda tanqid qilinadigan prezident Karzay deydiki, kelasi bir yarim yil Obama ma’muriyati bergan va’dalarining ustidan chiqishi uchun nozik bir palla. Vashington ham Karzayga uning va’dalarini eslatib, shunday ogohlantirishlar yo’llamoqda.

Karzay fikricha mamlakatda Amerika o’z bazalarini saqlab qolishi mumkin. Bu har ikki tomonga foyda bo’ladi, deydi u.