AQSh rasmiylaridan birining aytishicha, Afg'oniston armiyasi va politsiyasi safida qancha odam xizmat qilayotgani haqida aniq ma'lumot yo'q. Bu esa mamlakat yetakchilari va bu yerda maslahatchi sifatida ishlayotgan AQSh mutaxassislari ishini qiyinlashtiradi, deydi u.
Afg'onistonni qayta qurish bo'yicha AQSh maxsus inspektori Jon Sopko urush domiga tortilgan mamlakatni taraqqiy ettirish va oyoqqa turg'izish uchun ajratilgan 100 milliard dollarning qanday sarflanayotganini tekshirmoqda. Uning Nyu-Yorkda o'tgan yig'inda aytishicha, Afg'onistonda faktni xayoliy gaplardan ajratish oson emas.
"Shifokorlar davolash qanday samara berayotganini tekshirganlaridek, biz - AQShdagilar ham, agar qayta qurish ish berishini istasak, haqiqatga tik boqib, dasturlarimiz va siyosatlarimizdagi noaniqliklarni tan olishimiz kerak", - deydi Sopko.
U afg'on armiyasi va politsiyasida hisob-kitob ishlari to'liq amalga oshirilmasligini muammolardan biri sifatida sanaydi. Ma'lumotlar to'g'riligini tekshirishadigan mexanizm mavjud emas.
"Afg'onistonda hisob-kitob, asosan, qog'ozdagi raqamlarga, qo'lda yozilgan va topshirilgan ma'lumotlarga tayanadi. Mudofaa vazirligi ma'lumotlar bazasi boshqa biror tizimga ulanmagan. Har bir askarning qancha maosh olishi haqida ham aniq ma'lumot chiqarib bera olmaydi", - deydi Sopko.
Muammolardan yana biri shundaki, afg'on qo'mondonlari o'lgan yoki qochib ketgan askarlar uchun ham maosh yozib, pul olishi mumkin.
Sopko yaqinda Kongressda o'tgan tinglovda ham ana shu xavotirlarini bildirgan edi.
Kelishuv bo'yicha AQSh 2017-yilgacha Afg'onistonda 352 ming kishilik armiyani moliyaviy qo'llab-quvvatlashga va'da bergan, ammo hisobdagi noaniqliklar bois AQSh soliq to'lovchilari uchun xarajatlar bundan ham ko'proqqa tushishi mumkin.
Shunday ekan, bu mablag'larning qanchalik samarali sarflanayotganini hamda qanday natijalar qo'lga kiritilayotganini yaxshilab tekshirish kerak, deydi inspektor.