Afg'onistonda “Counterpart International” idorasi Tolibon hujumiga uchradi

  • Amerika Ovozi

Afg’onistonda AQShga qarashli “Counterpart International” xayriya tashkilotining idorasi hujumga uchrab, kamida 5 odam o’lgan, 24 kishi jarohat olgan. Tolibon jangarilari poytaxt Kobulda uyushtirgan bu xurujda nodavlat tashkilot xodimlari zarar ko’rmagan.

AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi bilan hamkorlik qiluvchi “Counterpart International” rahbari Enn Xudokning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, xavfsizlik kuchlari 200 odamni evakuatsiya qilishga muvaffaq bo’lgan.

“Jangarilar avval xudkush xuruj bilan idoraga hujum qilishdi. So’ng to’rt nafari qurol bilan hamla qildi. Politsiya imoratni o’rab olib, maxsus kuchlar kelishini kutdi. Amaliyot paytida jangarilarning barchasi yo’q qilindi. Afsus, besh odam qurbon bo’ldi. Shulardan biri politsiyachi, yana biri esa ayol kishi”, - dedi Ichki ishlar vazirligi so’zlovchisi Nasrat Rahimiy.

Tolibon vakilining bildirishicha, Amerika tashkiloti zararli ishlar bilan shug’ullanayotgani uchun nishonga olingan.

“Kaunterpart Interneshnl” siyosatga hech qachon aralashmagan. Biz doim fuqarolar hayotini yaxshilashga intilganmiz. Biz siyosatchilar bilan emas, jamoalar bilan ishlaymiz”, - dedi guruh rahbari Enn Xudok.

Unga ko’ra, tashkilot Afg’onistonda 12 yildan beri faoliyat yuritadi va shu paytgacha biror marta hujumga uchramagan edi.

“Bu kabi ma’nosiz zo’ravonlikka madaniyatli dunyoda o’rin bo’lmasligi kerak. Bu islomga zid harakat. Ayniqsa Ramazon oyida sodir etilgani afsuslanarli hol”, - deydi Xudok.

O’tgan hafta Qatar poytaxti Doxada AQSh va Tolibon muzokarachilari muloqotning oltinchi davrasini boshladi. Jangarilar Afg’oniston hukumatini Amerikaning qo’g’irchog’i deb bilarkan, u bilan bevosita muloqotdan bosh tortmoqda.