Afg’oniston Vitse-prezidenti general Abdul Rashid Do’stum uning uyi harbiylar tomonidan qurshov qilingan degan xabarlar asossiz ekanini aytdi.
21-fevral kuni ertalab matbuotda chiqqan xabarlarda general Do’stumning uyi qamal qilingani yozilgan edi.
Vitse-prezident yashaydigan Kobulning Sherpur hududida harbiylar tanklari joylashib olgani kuzatilgan. Bu masala ko’pchilik diqqatini o’ziga tortdi. Hukumat bu borada aniq ma’lumot bergani yo’q.
Vitse-prezident idorasi Xavfsizlik kengashiga maktub yo’llab, askarlarning bu hududda nega joylashgani haqida ma’lumot berishini so’ragan.
General Do’stum vaziyatdan tashvishga tushgan, lekin uning uyiga borgan oqsoqollarni tinchlik va xotirjamlikka chaqirgan.
“Facebook” degan narsa darrovda hammani tashvishga soladi. Yolg’onmi, rostmi, har xil narsalar nashr qilinadi. Sizlar ham shu gaplarni eshitib kelgansizlar. Hech qanday muammo yo’q, bo’lmaydi ham”,- deydi Do’stum.
Vitse-prezident matbuotdan haqqoniy ma’lumot tarqatishni, yolg’on-yashiq, tasdiqlanmagan xabarlar bilan ommani xavotirga solmaslikni so’radi.
Uyining qamal qilingani haqidagi xabar mantiqqa sig’masligini ta’kidlab, "Nega qurshovga olinarkanman, DAIShga zidman va toliblarga qarshiman, shu uchunmi?” deydi u.
“Ko’plab mish-mishlar tarqaladi. Tajribasiz odamlar borib Prezident Ashraf G’anining ham qulog’ini yolg’on gaplar bialn to’ldiradi. Bularning hammasi dushmanning ishi”,- deydi General Do’stum.
Afg’oniston Vitse-prezidenti general Abdul Rashid Do’stum hukumat rahbarlarini birdamlikka chaqirdi. Mamlakat kelasi bahorda qaqshatqich janglar bilan duch kelishi va hozirdan boshlab bu borada tayyorgarlik ko’rilishi lozimligini aytdi.
“Biz DAIShning soni ortib borayotganidan xavotirdamiz. Suriya, Iroqda yengilgan jangarilar yashirinib yotgan bo’lishi mumkin. Biz kelasi oylar xususida o’ylaymiz”,- dedi u.
General Do’stum ayni paytda hukumatni nobud qilish emas, uning saqlanib qolishi to’g’risida o’ylayotganini bildirdi.