Afg’oniston g’arbida 150 mingdan ziyod odam qurg’oqchilik sabab uyini tashlab chiqishga majbur bo’ldi. Aksariyati gumanitar tashkilotlar bergan palatkalardan qo’lbola yasalgan boshpanalarda yashamoqda.
Your browser doesn’t support HTML5
Tabiiy ofat natijasida mamlakatning uchdan ikki qismi aziyat chekyapti.
Lagerlarda yashayotgan odamlarga hukumat yordam bermayotgani bois xalq o’z kuchiga ishonib harakat qilmoqda.
Jazirama yoz paytida bir necha yosh bola quyoshda qolib ketib nobud bo’lgani aytilmoqda. Qish yaqinlashgani sari hamma ayollar va bolalardan xavotir olyapti, erkaklar loydan kulbalar qurishga kirishgan.
Afg’oniston g’arbidagi Hirot shahri yaqinida paydo bo’lgan sun’iy bu mahallada yashayotgan odamlar qurg’oqchilikdan eng ko’p zarar ko’rgan qo’shni Badg’is viloyatidan kelgan.
Hududda ekinlar qurib, urug’ unmadi.
“Bu hol uch yildan beri davom etadi. Yerlarimizdan bir tiyin ham ko’tara olmadik. O’g’it, qishloq xo’jaligi texnikasiga yonimizdan pul sarfladik, ammo suv bo’lmagandan keyin nima foyda?” – deydi Bahoruddin ismli dehqon.
Birlashgan Millatlar Tashkilotiga ko’ra, mamlakat bo’ylab hosilning yarmi nobud bo’ldi. Qo’shimcha yordamsiz olti oydan so’ng ikki milliondan ziyod odam ochlikka yuz tutadi, tashkilotda joriy yil uchun mablag’ning 32 foizi bor, xolos, deydi BMT rasmiylari.
“Quyosh kuydiryapti, yerlar qurib ketgan. Yordamga muhtojmiz, na ustimizda, na oyog’imizda kiyim bor, yegulik qolmadi”, - deydi bu ayol.
Irmoqlar va havzalarda suv qurib borarkan, ilojsiz dehqonlar va cho’ponlar ko’z oldida ekinlar va chorva nobud bo’lmoqda. Oilalar bor-budini ishlatib bo’ldi.
Beqarorlik, zo’ravonliklar va xurujlardan tashqari afg’onlar yana bir dushman nishoniga aylandi – qurg’oqchilik. Uning oqibatlari Afg’onistonda yana bir necha yil aks-sado berishi kutilmoqda.