Yangi afg’on prezidenti iqtisodni kuchaytirishi kerak

  • Amerika Ovozi

Abdulla Abdulla va Ashraf G'ani

Afg’onistonda urush boshlanganiga 30 yildan oshdi. Buning mamlakat va aholi uchun siyosiy, ijtimoiy va ruhiy oqibatlari beqiyos. Ammo eng jiddiy zarar ko’rgan soha iqtisoddir.

2001-yilda qishloq xo’jaligi hamda sanoatda ishlab chiqarish to’xtadi, infratuzilma vayron bo’ldi. Toliblar hokimiyatdan chetlashtirilib, AQSh yetakchiligidagi xalqaro qo’shinlar mamlakatga kiritilganidan buyon iqtisoddagi jarayonlar xorijiy yordamga bog’liq.

Shu yilgi prezidentlik saylovoldi kampaniyasi chog’ida ovoz beruvchilar iqtisodiy kelajak masalasini ko’tardi.

Iqtisodiy vaziyat

Dengiz portiga ega bo’lmagan Afg’oniston azaldan qishloq xo’jaligiga tayangan.

XX asrning 50-60-yillarida mamlakatda aholi ehtiyojlarini qondirish va hatto xorijga sotish uchun yetarli oziq-ovqat ishlab chiqarilgan. Asosan, bug’doy va meva eksport qilingan. Qishloq xo’jaligi va cho’ponchilikka asoslangan sanoat ham bo’lgan. Afg’oniston zaytun yog’i, gilamlar, qorako’l bilan tanilgan.

Mamlakatda minerallar va zumrad, yoqut kabi qimmatbaho toshlar ham bor, shuningdek, mis, oltin, temir konlari mavjud.

Shimolda hali inson qo’li tegmagan neft va tabiiy gaz konlari ham joylashgan. Markaziy Osiyo hamda Pokiston portlari orasida joylashganligi sababli bu yerda bir necha neft va gaz quvurlari qurilmoqda.

Ayrim raqamlar

Jahon bankiga ko’ra, Afg’oniston iqtisodi Tolibon hokimiyatdan 2001-yilda qulaganidan buyon 2,463 milliard dollardan 20,5 milliard dollarga o’sdi (2012-yil ko’rsatkichi). Bunga asosan xalqaro donorlardan kelgan mablag’ sabab bo’ldi.

AQSh qayta qurilish ishlari uchun noharbiy zaxiralardan 100 milliard dollar ajratdi.

Pokiston va Eronga qochib ketgan afg’onlarning vataniga qaytishi shundoq ham zaif iqtisod uchun qo’shimcha yuk bo’ldi.

Qaytgan qochqinlar va qishloqdan ish izlab shaharlarga ko’chgan odamlar sababli katta shaharlar aholisi o’sdi.

Kobul aholisi 2001-yilda 500 ming odamga teng bo’lgan bo’lsa, hozirga kelib 4 milliondan oshdi. Ammo hatto poytaxtda aholi toza suv, elektr toki, tibbiy yordam va ish joylari bilan yetarlicha ta’minlanmagan.

Viloyatlardagi vaziyat undan ham og’ir. Afg’oniston aholi turmush darajasi jihatidan dunyo mamlakatlari orasida eng quyi o'rinlardan birida turadi. Jon boshiga yalpi ichki mahsulot 2012-yilda 1100 dollarga teng edi.

2003-2010 – yillarda o’tkazilgan to’qqizta xalqaro konferensiya natijasida mamlakatga 67 milliard dollar mablag’ ajratildi. Yana 16 milliard dollar 2012-yildagi Tokio konferensiyasida va’da qilindi.

Muammolar talay

Ammo Vashington nazarida korrupsiya chuqurlashdi.

AQShning Afg’oniston tiklanishi bo’yicha maxsus inspektori o’zining so’nggi hisobotida “maktablar shu qadar yomon qurilganki, qulab tushishi mumkin, klinikalarda na doktor, na dori-darmon bor, politsiya va armiya kazarmalaridan foydalanib bo’lmaydi, yo’llar buzilib ketyapti”, deb yozdi.

Afg’onistonda faqat xalqaro yordam evaziga taraqqiyotni ta’minlashning iloji yo’q, hech bir soha mustaqil ravishda rivojlana olmaydi, barqaror emas. Ammo yordam ham kamayishi muqarrar.

Yangi prezident jiddiy iqtisodiy muammolarni hal etishi kerak

14-iyun kuni sobiq tashqi ishlar vaziri Abdulla Abdulla hamda Jahon bankining sobiq rasmiysi Ashraf G’ani prezidentlik uchun bellashadi. Ular Afg’oniston iqtisodini rivojlantirish, yangi ish joylarini yaratish, daromadlarni oshirish, korrupsiya ko’lamini kamaytirish, hukumat samaradorligini oshirish hamda infratuzilmani oyoqqa qo’yish masalalari bilan to’qnashadi.

Abdulla Abdulla

Shu yil fevral oyida debatlarning birida Abdulla yirik loyihalarni qo’llab-quvvatlab, bu bilan infratuzilmani barpo etish va iqtisodni tiklash niyatini bildirgan edi.

U, shuningdek, Mehnat vazirligi zimmasiga ishsizlik muammosini hal qilish vazifasini yuklamoqchiligini aytdi.

“Men boshqaradigan hukumatda korrupsiyaga o’rin bo’lmaydi”, - dedi nomzod. Abdulla o’z iqtisodiy rejasini e’lon qilgan. Unda viloyatlarda sanoatni rivojlantirish, xorijy sarmoyalarni jalb etish va mamlakatni iste’mol iqtisodidan ishlab chiqarish iqtisodiga aylantirish ko’zda tutiladi.

Milliy iqtisodiy taraqqiyot masalasini muhokama qilar ekan, Abdulla yangi hukumat mamlakat janubi va shimolini bog’laydigan temir yo’lini qurishga urg’u berajagini, eng asosiy infratuzilmani qayta ta’mirlashni, chorvachilikni ham qayta oyoqqa qo’yib, qishloq xo’jaligida mustaqillikni oshirishni va’da qildi.

“Iqtisodiy siyosatimiz maqsadi mamlakatni iste’mol iqtisodidan ishlab chiqarish iqtisodiga aylantirishdan iboratdir, - dedi Abdulla Abdulla, - Bu esa qishloq xo’jaligi sohasida o’sishni ta’minlash, konlarda ishlab chiqarishni oshirish, qurilish va milliy daromadni oshira oladigan boshqa sohalarni rivojlantirishni anglatadi”.

Ashraf G’ani

Jahon bankida ishlagan va Hamid Karzay hukumatida moliya vaziri bo'lgan Ashraf G’ani ishsizlik sabablarini o’rganish uchun vazirliklararo komissiya tuzishni taklif qilgan. Infratuzilma qurish ishsizlikni kamaytiradi, degan fikrga qo’shilsa-da, bu nomzod Afg’oniston iqtisodi qishloq xo’jaligiga asoslangani bois aynan shu sohani hamda xususiy sektorni rivojlantirish kerak, deydi.

Iqtisodiy jihatdan mustaqil bo’lish uchun mamlakat sanoatini taraqqiy ettirish kerak, deydi G’ani. Shuningdek, xorijiy davlatlar, xususan mintaqada katta qudratga ega Hindiston va Xitoyni Afg’oniston iqtisodiga sarmoya yotqizishga undaydi.

Albatta, saylovoldi kampaniyasini olib borish mamlakatni boshqarishdan farq qiladi. Bu ikki nomzodning kelajakda qaysi va’dalari amalga oshishini hozirdan aytish qiyin.

Shunga qaramay, ko’p yillik zo’ravonlikdan keyin tinch va demokratik yo’l bilan hokimiyatning almashishi Afg’oniston uchun katta ahamiyatga ega.