Do'stumning O'zbekiston, Qozog'istonga safari saylov bilan bog'liqmi?

Abdul Rashid Do'stum Islomiy uyg'onish partiyasini boshqaradi

Afg’onistondagi o’zbeklar rahbari general Abdul Rashid Do’stum yaqinda Qozog’iston va O’zbekistonga norasmiy ravishda borgan edi. General shimolda toliblar kuchga to’lishidan xavotir bildirib keladi.

Your browser doesn’t support HTML5

General Do'stumning O'zbekiston va Qozog'istonga safari/Malik Mansur


Do’stum rasmiylar bilan uchrashganmi-yo’qmi, hozircha aniq ma’lumot yo’q. Afg’onistondagi Islomiy uyg’onish partiyasi rahbari shu bahorga belgilangan prezident saylovida yirik nomzod Ashraf G’ani Ahmadzayning birinchi o’rinbosari sifatida qatnashmoqda.

5-aprelga rejalangan saylovlar natijasini hududiy va milliy ko’rsatkichlar hal etishi ta’kidlanadi.

General Do’stum boshliq Islomiy uyg'onish partiyasining rasmiy vakili, doktor Abdulla Rahimiy deydiki, shimolda turkiy elatlar orasida Ahmadzay nomzodini targ’ib qilish ishlari boshlanib ketgan.

“15 ta komissiya tuzdik. Biz shimoliy viloyatlarda, markaziy viloyatlarda nomzodning ikkinchi o’rinbosariga qarashli “Hizbi vahdat”, janubda esa Ahmadzayning odamlari kampaniya olib borishadi.

Ashraf G’ani Ahmadzayni kuchli bir olim, ilm odami sifatida butun Afg’onistonda tanishadi. Bizning vositamizda bu odam xalqimizga ham ma’qul keldi. Hozir shimoldagi aholi bu ismni yaxshi biladi, kurashimiz yakshanba kuni boshlandi",- deydi doktor Rahimiy.

"Bizda yana ikki oy muddat bor, shu vaqt mobaynida bu odamni xalqimizga yaxshilab tanitamiz. Bizning o’z dasturimiz bor, bu dastur faqat Ashraf G’ani emas, balki uning ikki o’rinbosari ishtirokida ham qabul qlingan",- deydi siyosatdon.

Uning o’rinbosarlari esa o’z xalqi, millati manfaatlari uchun harakat qilayotgan odamlar. Turkiy xalqlar namoyandasi general Do’stum Ashraf G’anining birinchi muovini. Albatta, xalqimizning manfaatlari bu yerda inobatga olingan”.

Abdul Rashid Do'stum prezidentlikka Ashraf G'ani nomzodini quvvatlamoqda

Afg’onistonda saylov poygasi boshlanishi ortidan general Do’stum Qozog’iston va O’zbekistonda bo’ldi. Internetdagi ijtimoiy tarmoqlarda uning Qozog’istondagi uchrashuvlariga oid suratlar paydo bo’ldi.

Generalning bu safari saylov bilan bog’liq ko’rildi. Ammo uning partiyasi tashrif shaxsiy ziyoratdan iboratligini aytadi.

“Bu hech bir zamon saylovlar bilan ham, rasmiyatchilik bilan ham bog’liq safar bo’lmagan. Har bir afg’onistonlikning jahon bo’ylab sayohat qilishga, o’z vatandoshlarini ziyorat qlishga haqqi bor. Bu safar shaxsiy safar edi”, - deydi Rahimiy.

Xalqaro qo’shinlar mamlakatdan chiqishda davom etayapti. Prezident Hamid Karzay cheklangan sonda xorijlik askarlarni qoldirishga izn beruvchi kelishuvni imzolashni istamayapti. Joriy yil Afg’onistonda vaziyat qanday rivojlanishi yuzasidan tashvish kuchli. Tolibon hokimiyatga qaytishi mumkinligi haqidagi qarashlar nafaqat Afg’oniston, Markaziy Osiyoda ham xavotir bilan qarshilanmoqda.

Bu xavotirlar tajribali harbiy, general Abdul Rashid Do’stumga e’tiborni oshirgan. Uning regionga safari ham shu bilan bog’lanadi.

Qozog’istonda yashayotgan siyosatshunos Aleksandr Knyazev o’z manbalariga tayanib matbuotda bildirishicha, general Qozog’istonda Milliy xavfsizlik qo’mitasi rahbari va boshqa rasmiylar bilan muzokaralar o’tkazgan.

Do’stumning O’zbekiston safari bo’yicha esa hech qanday ma’lumot yo’q.