Afg’onistoning Mozori Sharif shahrida bir guruh qizlar gitara chalishni mashq qilmoqda. Ular musiqa orqali orzu-istaklarini bayon qilishga urinadoi. Sulh va xotin-qizlar dardlarini olib chiqishga bel bog’lagan bu qizlar musiqaga qiziqish kuchli ekanini aytadi.
“Musiqani davom ettirish, gitara chalishni o’rganishni orzu qilganman”, - deydi Zahro.
“Ayniqsa, menga xorijiy qiz keldi deb gap otadilar. Bunday gaplarni eshitish meni qiynaydi, yoqmaydi”, - deydi Bonu.
Afg’onistonda qizlarning musiqa bilan shug’ullanishi hali ham mushkul ish. Notinchlik va hukmron udumlar to’sqinlik qilayotgan asosiy omillardan.
Mozori shariflik 16 yashar Farishta Raso gitarani endi mashq qila boshlaganiga qaramay, orzulari katta. U hammaga manzur bo’ladigan san’atkor bo’lishni maqsad qilgan.
“Gitaramni olib ko’chada ketayotgan bo’lsam, odamlar tashviq qilishi o’rnida yomon gaplar aytishi mumkin”, - deydi Farishta Raso.
Qizlarning musiqaga qiziqishi, san’atkor bo’lib chiqishi jamiyatda hammaga ham manzur emas.
Ayollar huquqi faoli Maryam Husayniy:
“Afg’onistonda musiqani o’rganishni xohlayotganlar haqida ijobiy fikrdaman. Bu xotin-qizlarga kuch bag’ishlaydi. Shunday dasturlar o’tkaziladigan bo’lsa, birinchi bo’lib qatnashaman”.
“Madaniyatga ijobiy va salbiy ta’sir ko’rsatuvchi musiqa bir-biridan ajratilishi kerak. Aksincha, G’arb madaniyatidan afg’on madaniyatiga zarba beruvchi muammolar kelib chiqadi”, - deydi jamoatchi faol Salima Samadiy.
Afg’oniston oilaviy zo’ravonlik, noma’qul urf-odatlar oqibatida xotin-qizlari eng ko’p jabrlanayotgan mamlakatlardan biri ekaniga qaramay, qizlarning musiqa kabi ijtimoiy-madaniy faoliyatga hissa qo’shayotgani ko’zga tashlanadi.