Inson huquqlari bilan shug’ullanuvchi “Human Rights Watch” tashkilotiga ko’ra, Afg’oniston janubidagi Qandahor viloyatida yaqinda Tolibonga qarshi o’tkazilgan harbiy amaliyot paytida mahalliy kuchlar tinch aholini qatl etgan bo’lishi mumkin. Guruh Afg’oniston hukumati va AQSh Mudofaa vazirligini zudlik bilan bu da’volarni taftish qilishga chaqirmoqda.
Bu voqealar 31-yanvar bilan 1-fevral oralig’ida sodir etilgani aytilmoqda. O’shanda afg’on maxsus kuchlari AQSh harbiy havo hujumi yordamida viloyatning Mayvand va Panjvay tumanlarida amaliyot o’tkazgan edi.
Mahalliy aholining “Human Rights Watch” vakillariga aytishicha, afg’on harbiylari Tolibon nazoratidagi Bandi Timur rayonida o’t ochib, 50 jangari va kamida 20 fuqaroni o’ldirgan. Ba’zi erkaklarni uylaridan sudrab chiqib otishgani ham aytilmoqda.
AQShning Afg’onistondagi qo’shinlari vakili afg’on maxsus kuchlari bilan amaliyot o’tkazilganini tasdiqladi, ammo tinch aholi orasida qurbonlar bo’lganidan bexabar ekanini aytdi.
“Amaliyot natijasida Tolibon o’rnatgan sakkizta nazorat punkti olib tashlandi, qo’lbola bomba tayyorlaydigan uchta korxona hamda uy sharoitida tayyorlangan uchta bomba yo’q qilindi, bir necha tolib yo’q qilindi, yana bir nechtasi qo’lga olindi, yetti kilogram afyun musodara etildi”, - deydi kapitan Tom Gresbek.
Unga ko’ra, koalitsiya kuchlari masalani tergov qilishda yordam berishga tayyor.
“NATO va AQSh ko’rsatmalariga mufoviq, xalqaro kuchlar afg’on harbiylarini inson huquqlari masalasida zarur trening bilan ta’minlamoqda, afg’on qo’shinlari harakatlarini kuzatmoqda”, - deydi AQSh Qurolli kuchlari kapitani.
Afg’oniston Mudofaa vazirligi so’zlovchisi Davlat Vaziriyning aytishicha, u ham voqeadan bexabar, “Human Right Watch” hisoboti bilan esa hali tanishib chiqmagan. Jang maydonidagi jinoyatlar va vakolatni suiiste’mol qilish haqidagi da’volar e’tibordan chetda qolmaydi, dedi u.
“Dushman kuchlar odatda tinch aholi ham nishonga olinsin, deb ataylab odamlarning uylariga kirib oladi. Ammo afg’on qo’shinlari ularga zarar yetmasligi uchun barcha ehtiyot choralarini ko’radi”, - deydi Vaziriy.
“Human Right Watch” tashkilotining Afg’onistonda izlanish olib borayotgan eksperti Patrisiya Gossmanning aytishicha, hibsdagi odamlarni qatl etish urush jinoyatiga kiradi, xoh ular jangari bo’lsin, xoh oddiy fuqaro.
“Kim bunga javobgar ekanini bilish uchun voqeani to’liq taftish qilish zarur”, - deydi u.
O’tgan oy oxirida toliblar Kobuldagi “Interkontinental” mehmonxonasi va Ichki ishlar vazirligining eski binosiga hujum qilib, jami 130 ga yaqin odamni o’ldirgan edi. Gossmen afg’on xavfsizlik kuchlarining Qandahordagi harakatlari o’sha voqealarga javob ekanini taxmin qilmoqda.
BMTning Afg’onistondagi idorasi ma’lumotiga ko’ra, 2017-yilda afg’on urushi 10 mingdan ziyod odamning yostig’ini quritdi.