Afg’onistonda janglar to’xtamayapti, sulhga umid bormi?

  • Amerika Ovozi

Afg'oniston poytaxti Kobulning o’quv dargohlaridan birida xudkushlik hujumi natijasida 48 kishi halok bo’ldi va o’nlab o’quvchilar yaralandi.

Politsiyaning ma’lum qilishicha, portlash o’quvchilar mashg’ulotlar bilan band bo’lgan paytda mahalliy vaqt bilan 16:00 atrofida yuz bergan. Yaradorlar mahalliy shifoxonalarga yetkazilgan.

Movud akademiyasi shialar hududida joylashgan. Garchi portlash uchun hech qanday guruh javobgarlikni o’z bo’yniga olmagan bo’lsa-da, Kobulda shialarga qarshi uyushtirilgan avvalgi hujumlar IShID tarafidan amalga oshirilgan.

Akademiyadagi xunrezlikka Tolibon harakati aloqasi yo’qligini ma’lum qildi.

Ayni paytda afg'on hukumati bir necha frontda Tolibon bosimiga uchramoqda. Kuni-kecha Bag'londagi harbiy bazaga hujum 40 askarning yostig'ini quritdi.

Shunga qaramay, hukumat Qurbon hayiti arafasida jangarilar bilan sulhga erishish harakatida.

“Yaqinda Afg’oniston prezidenti turli fraksiyalar bilan konsultativ uchrashuvlar o’tkazdi. Qurolli hujumlarni to’xtatishga kelishish masalasi ko’rib chiqilmoqda, xulosa qilingach, qarorni e’lon qilamiz”, - deydi Afg’oniston prezidenti matbuot kotibi Shoh Husayn Murtazaviy.

Afg’on xalqi, deydi u, mamlakatda tinchlik va barqarorlik qaror topishini istaydi. Ayni paytda, u zo’ravonlikni amalga oshirayotgan terrorchi guruhlarga nisbatan xavfsizlik kuchlari tarafidan keskin choralar ko’rilishini ham bildirgan.

Tolibon reaksiyasi

Xabarlarga qaraganda, Tolibon ham hayit munosabati bilan to’rt kunga otishmani to’xtatish masalasini ko’rib chiqmoqda.

"Odatda sulh bo’yicha fikrlar ikkiga bo’linadi, biroq yetakchimiz Shayx Haybatulla Oxunzoda o’z vazifasini ado etgan holda janglarni vaqtincha to’xtatishni e’lon qilishi yoki davom ettirishni buyurishi mumkun”, - deydi Tolibon rahbariyati vakili “Reyter” axborot agentligi bilan suhbatda.

Oxirgi besh kundan beri G’azni viloyatida Tolibon jangarilari armiya bilan jang qilmoqda. Geografik joylashuviga ko’ra strategik ahamiyatga ega viloyat bu - G’azni Kobulni Qandahor bilan bog’lab turadi.

Viloyat, shuningdek, tarixiy shahar bo’lib, bir necha asrlar avval G’aznaviylar saltanatining poytaxti bo’lgan. Islomiy ta’lim, fan va madaniyat tashkiloti 2013-yilda G’aznini Osiyo mintaqasida Islom madaniyati poytaxti deb e’lon qilgan edi.

Ba’zi tahlilchilar fikricha, G’aznida xavfsizlik choralari yetarli darajada yo’lga qo’yilmagan, shuning uchun ham jangarilar nishonida.

Tinchlikka umid

Tolibon bilan muzokaralar olib borishga mas’ul Oliy Tinchlik Kengashiga ko'ra, tinchlik muzokaralarini boshlash va urushga yakun yasashning talabi - sulh.

“Doimiy va davomli tinchlik sulhi – bu afg’on xalqining xohish-irodasi. O’tgan Hayit bayramida bo’lgani kabi navbatdagi sulhga guvoh bo’lamiz deb umid qilamiz. Urush va zo’ravonliklarga barham berish uchun tinchlik jarayonlarida muntazam ishtirok etishimiz kerak", - deydi kengash matbuot kotibi Sayid Ehson Tohiriy “Amerika Ovozi” bilan suhbatda.