Afg'onistonga doir boshqa xabarlar

  • Amerika Ovozi

Jalolobodda Tolibonga qarshi namoyish

Kobuldan Qatarga uchgan samolyotda afg'onlarning jasadlari topildi

Kobuldan Qatarga uchgan AQSh harbiy samolyoti manzilga qo’nganida shassi korpusida bir necha odamning qoldiqlari topildi. Bu Hamid Karzay xalqaro aeroportida Tolibonning hokimiyatga kelganidan vahimaga tushgan yuzlab afg’on jon saqlash ilinjida o’rab olgan samolyotdir. Kimdir uning qanotiga chiqishga, kimdir esa boshqa qismiga ilashib olishga harakat qilgan. Samolyot havoga ko’tarilganida unga chirmashib olgan bir necha odamni shamol uchirib, barchasi halok bo’lgan edi.

Pentagon fojiali voqeani tergov qilishga kirishdi.

Jalolobodda Tolibonga qarshi namoyish

Afg’onistonning Jalolobod shahrida aholi Tolibonga qarshi namoyish qildi. Jangarilar o’t ochib, 3 kishini oldirgan, o’nlab odam jarohat olgan, deydi guvohlar.

Odamlar Afg’oniston milliy bayrog’ini shahar markazidagi xiyobonga o’rnatmoqchi bo’lganida otishma boshlangani aytiladi.

Kobulda afg'on ayollari Tolibonga norozilik bildirdi

Poytaxt Kobulda bir guruh ayollar o’z huquqlarini talab qilib ko’chaga chiqqan. Ular yangi tuzum ayollar va qizlarni huquqlaridan, erkinliklaridan ayirishidan xavotirda.

Pashtana Durrani ismli faol, asosan, qishloq joylarda yashovchi 7000 qizga bilim olishga sharoit yaratgan tashkilotni boshqaradi.

“Tolibonga ishonch yo’q. Chunki ular shu paytgacha va’dalarining ustidan chiqmagan. Tolibon qizlarning ta’lim olishi haqida, ularga do’q-po’pisa qilinmasligi, nishonga olinmasligi haqida bayonot berishi kerak”, - deydi Durrani.

BMTning YUNISEF Bolalar jamg’armasi Tolibon bilan aloqada ekanini aytib, Tolibon qizlarning ta’lim olish huquqini qo’llab-quvvatlashi haqidagi gaplariga ehtiyotkor umid bilan qarayotganini bildiradi.

Germaniya fuqarolari va afg'on hamkorlarini Toshkentga evakuatsiya qildi

G’arb hukumatlari va tashkilotlari Afg’onistondan chiqishda davom etarkan, Germaniya evakuatsiya ishlariga yordamlashish maqsadida Kobulga 600 askarini jo’natmoqchi. Parlament masalani ovozga qo’yishi kutilmoqda.

Bundesver Afg’onistondan 450 odamni evakuatsiya qilgan. Bir qismi bugun Toshkentga yetkazilgan.

Germaniya Tashqi ishlar vaziri Xayko Maasning aytishicha, Kobul aeroportiga kirish joylarini Tolibon nazorat qilmoqda va aeroportga xorijiy fuqarolarnigina kiritmoqda.

Germaniyaga yordam bergan afg’onlar va ularning oilalarini ham chiqarish masalasini hal qilish maqsadida Berlin Tolibon rahbariyati bilan muloqot uchun Qatarga elchisini yuborgan.

Pokiston: 5 kunda 900 xoijiy diplomat Afg'onistondan chiqdi

Evakuatsiya ishlari nafaqat havo, balki quruqlik orqali ham amalga oshirilmoqda. Pokiston Ichki ishlar vaziri Shayx Rashid Ahmadning aytishicha, shanbadan beri Afg’onistondan Pokistonga 900 nafar xorijiy diplomat va elchixona xodimlari o’tgan.

Britaniya muxolifati afg'on qochqinlari soniga qo'yilgan cheklovdan norozi

Britaniya parlamentida muxolif Leyboristlar partiyasining a’zolari qonunchilik organi binosining tashqarisida norozilik namoyishi uyushtirib, hukumatdan afg’on qochqinlarining sonini cheklamaslikni talab qildi.

Britaniya hukumati repatriatsiya haqidagi yangi dastur doirasida birinchi yilda 5000 gacha afg’on qabul qilinishi haqida ma’lumot berdi. Asosan qizlar va ayollar hamda ozchilikdagi guruhlar vakillari mamlakatga kiritiladi.

Leyboristlar partiyasining sobiq rahbari Jeremi Korbinning aytishicha, siyosiy boshpana da’vogarlari sonini cheklash noto’g’ri.

Uzoq muddatda dastur 20 minggacha afg’onga yordam berishni ko’zda tutgan.