Afg'onistonda nima gap?

  • Amerika Ovozi

Tolibon Afg’onistonning g’arbiy Hirot viloyatida jinoyatchilar shariatga ko’ra jazolanishi haqida ma’lum qildi. O’tgan hafta toliblar odam o’g’irlashda gumon qilingan to’rt odamni o’ldirib, jasadlarini shahar maydonida osib qo’ydi.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot – 28-sentabr, 2021-yil

"Bundan keyin jinoyatchilar shariat oldida javob beradi”, - dedi viloyat hokimining o’rinbosari Mavlavi Sher Ahmad.

Hirotda garov pulini undirish uchun odam o’g’irlash hollari uchramoqda. Farhod Qalanaviy degan bir odamning ukasini 4 oy oldin o’g’irlashga harakat qilishgan. Oilaning Hirotda ko’plab bizneslari bor. Qalanaviy kabi jabrdiydalar Tolibonning qattiqq’ol siyosatini olqishlamoqda.

Tolibon asoschilaridan biri Mulla Nuriddin Turobiy ayni paytda shariat qoidalari va hukmlarining tatbiq etilishiga mas’ul shaxs. U shu hafta jinoyatlarda ayblanayotgan bir necha odamning qatl etilishi, qo’llarining kesilishi haqida ma’lum qildi.

Bu o’rtada Tolibon hukumatida qochqinlar ishlari bo’yicha vazir Xalilul Rahmon Haqqoniyning aytishicha, mamlakatda g’arb hukumatlari bilan hamkorlik qilgan odamlarga amnistiya e’lon qilingan, shu sabab fuqaro Afg’onistondan ketishni xayolidan chiqarishi kerak.

Vazir o’tmishda al-Qoida bilan faol aloqa qilgan va AQSh qora ro’yxatiga tushgan Haqqoniy tarmog’ining a’zosi.

Tolibon hokimiyatga kelishi bilan Kobuldagi Puli-Charxi qamoqxonasidan minglab erkak va 760 nafar ayol mahbus hamda ularning 100 dan ziyod farzandlari ozod etildi. Jumladan “Islomiy davlat” to’dasi jangarilari va ularga aloqador ayollar. Biroq mamlakatda Tolibon qoidalari joriy etilib, amal qilina boshlagach, qamoqxona yangi mahbuslar bilan to’lmoqda.

Ba’zilar oiladagi qoidalarga qarshi chiqqani uchun. Masalan, ixtiyoriga qarshi qarindoshiga erga berilgan Mujda ismli bir ayol yigiti bilan qochgani uchun ushlanib, har ikkisi shu qamoqqa tashlandi. Bir necha kun oldin Mujda qamoqxonada qiz tug’di. Tolibon unga nisbatan hozircha hukm chiqargani yo’q. 1990-yillarda bunday harakatlar uchun toliblar odatda ayollarni toshbo’ron qilardi.

Puli-Charxi qamoqxonasidagi ayollarning ba’zilari oilaviy zo’ravonlik qurbonlari bo’lib, Tolibon hokimiyatga kelguncha maxsus boshpanalarda turardi. Toliblar kelishi bilan ayollar uchun aksariyat boshpanalar yopildi. Yangi hukumat bu ayollarga oilaga qaytishni istamasa, qamoqxonada yashashi mumkinligini aytdi.

Ulardan biriga ko’ra, pulsiz ko’chada sang’igandan yoki giyohvand moddalarga berilgan erining uyiga qaytishdan ko’ra u qamoqxonada turishni afzal ko’rgan.

Afg’onistonga doir yana bir xabar. Janubdagi Hilmand viloyatida sartaroshlarga mijozlarining soqolini olish yoki tekislash man qilingan.

"Odamlarning turmush tarziga aralashishmasa edi”, - deydi lashkargohliklardan biri.

Tolibonning 1990-yillardagi boshqaruvi paytida erkaklarga soqol qo’yish buyurilgan edi.

Ayrim sartaroshlarning aytishicha, yangi qoida biznesga ziyon bo’ladi.