Afg'oniston hukumati tanqidchilari Qandahorda anjuman o’tkazmoqchi

Balx viloyati hokimi general Ato Muhammad Nur

Afg’oniston hukumatiga muxolif bo’lgan guruhlar janubiy Qandahor viloyatida katta yig’ilish o’tkazish uchun tayyorgarlik ko’rmoqda. Yig’ilishning asosiy maqsadi, deydi tashkilotchilar, xalqni hozirgi muammolardan qutqarishga intilish. Ayni paytda ushbu anjumanda qatnashishi kutilgan Balx hokimi general Ato Muhammad Nur va “Milliy Junbish” partiyasining vaqtinchlik raisi Botur Do’stumga Mozori sharifdan Qandahorga uchish uchun ruxsat berilmagan.

So’nggi vaqtlarda Afg’oniston hukumati rahbariyati, Prezident Ashraf G’ani, Milliy xavfsizlik raisi Ma’sum Istonikzoy, Milliy xavfsizlik kengashi maslahatchisi Hanif Atmar ayrim siyosiy guruhlarning jiddiy tanqidi bilan yuzlashmoqda. Mazkur guruhlar prezidentni avtoritarlikda ayblar ekan, hukumat bu iddaolarni rad etib keladi.

Hukumatga islohotlar o’tkazish uchun bosim qo’yish, iqtisodiy, siyosiy muammolarga yechim topish bo’yicha ma’qul mexanizmlar taklif qilish maqsadida Qandahor viloyatida siyosiy faollar, qonunchilar va senatorlar ishtirokida katta yig’ilish taraddudi ko’rilgan.

Ayrim siyosiy follar ushbu anjuman milliy manfaatni nazarda tutishi zarurligini ta’kidlamoqda.

Sobiq rabarlardan biri bo’lgan Abdulrad Rasul Sayyofning ta’kidlashicha, suhbat va bahslar mamlakat manfaatlari doirasida bo’lishi shart.

Bundan bir necha kun oldin sobiq prezident Hamid Karzay “Loya Jirg’a” o’tkazish zarurligini aytgan edi.

“Loya Jirg’a” Afg’oniston milliy manfaatlari uchun o’tkazilishi belgilangan, unda Afg’onistonning barcha hududlaridan namoyandalar qatnashadi. Ko’tarilgan bahs va vujudga kelgan muammolar bo’yicha fikr almashinuvi bo’ladi.

Hukumatning bildirishicha, “Loya Jirg’a” qonunni o’zgartirish uchun o’tkazilishi zarur. Boshqa muammolarga “Loya Jirg’a”siz ham yechim topish mumkin.

2014-yili hukumat ijrochi raisi (bosh vazir) Abdullah Abdullah va prezident Ashraf G’ani o’rtasidan imzolangan kelishuvga asosan, 2016-yili “Loya Jirg’a” o’tkazilib, xalq namoyandalari unda bosh vazirlik lavozimini tashkil etish yoki etmaslik haqida qaror qabul qilishi ta’kidlangan edi. Belgilangan muddat yukunlandi, lekin hukumat mazkur buyuk yig’ilishni o’tkazishga muvaffaq bo’lmadi.

Qandahor anjumani qatnashchilariga ko’ra, ular “Loya Jirg’a” uchun emas, hozirgi vaziyatni tahlil qilish, hukumatga xalqqa ziyon yetkazuchi omillarni yo’q qilish, umumxalq manfaatlarini ta’minlash bo’yicha takliflar taqdim etish uchun yig’ilmoqda.

Ayni paytda Mozori sharifdan Qandahorga yo’l olishi rejalangan general Ato Muhammad Nur va Botur Do’stumlar samolyotining parvozi bekor qilindi. General Nur markaziy hukumatning bu ishini “qonunga xilof” deb atadi.

Milliy xavfsizlik idorasi Qandahorga uchishi kutilayotgan samolyotlarda Tolibon guruhi tomonidan portlovchi moddalar joylashtirishni rejalash harakat qilinayotgani haqida ogohlantirgani aytilmoqda.

“Milliy Junbish” partiyasi so’zlovchisi Bashir Ahmad Tayanchning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, hukumat parvozga to’sqinlik qilishga harakat qilgan; aslida hech qanday xavf hech kimga tahdid qilmagan.

Anjuman ishtirokchilari yig’ilish general Ato Muhammad Nur ishtirokida o’tkazilishini ta’kidlanmoqda.

General Nurning Prezident G’ani bilan munosabatlari ancha taranglashgan. Tarafdorlari uni “Shimol imperiyasi” deb ataydi.

Bundan oldin Istanbuldan qaytgan janob Nurning samolyotiga Mozori sharifga qo’nish uchun ruxsat berilmagani haqida ham xabarlar tarqalgan edi. O’shanda general O’zbekiston chegarasi bilan Afg’onistonga qaytgan edi.