Afg'onlar kelajak haqida nima deydi?

  • Amerika Ovozi

Kobul ko'chalarida

O’tgan 40 yil ichida afg’on zaminida qanday madhiyalar yangrab, qanday bayroqlar hilpiramadi deysiz. Siyosiy o’zgarish ketidan siyosiy o’zgarish. Tuzumlar, rahbarlar, mafkura va tashqi kuchlar. Ayni damda afg’onlardan kelajak haqida so’rasangiz, yana o’zgarish bo’ladi, albatta, deb javob qiladi. Lekin qanday o’zgarish?



“Amerika Ovozi” muxbiri Sheron Beyn Afg’onistonni shaharma-shahar kezib yuribdi. Qayerga bormang, deya xabar beradi u, o’rta sinf o’sayotganini ko’rasiz. Poytaxt Kobulda bu ayniqsa yaqqol ko’zga tashlanadi.

Shahardagi manzara kun sayin o’zgarib bormoqda. Xalq musulmon ekani, islomiy udumlar ustuvor ekani har yerda namoyon. Hayotdan xursand afg’onlar ko’p.

Sportga e’tibor oshgan. Stadionlar yoshlarga to’la, ular orasida qizlar ham bor.

O’zini Sarvar Sarvariy deb tanishtirgan yigit urushlar sabab xalqi zamondan orqada qolib ketganini aytadi. Oldinga siljish kerak, deydi u.

“Bouling maydonchalarini olaylik. Ularga bugun qizlar ham, yigitlar ham birdek qatnab, koptok otib bahra olishi mumkin. Bolaligimda bunday kunlar keladi deb hech o’ylamagan edim”.

Lekin ertaga mamlakat bugungiga qaraganda tinchroq bo’ladimi? AQSh qo’shini chiqish arafasida ekan, kafolat yo’q.

“Hamma xavotirda. Qayerga borsangiz, hukumat idoralari, jamoat joylari, xonadonlar, har yerda odamlar shu haqda gapiradi. Tinch-totuv yashash azaliy orzumiz. Xalqimiz harakat qilmoqda, qattiq mehnat qilayapti. Arziymiz tinch yashashga”,- deydi Sarvar Sarvariy.

Kobulning badavlat mahallalarida to’ylar juda dabdabali. Shuncha mol-mulk qayoqdan kelayapti deb hayron bo’ladi odam. Bizneslar rivojlanayapti. Sarmoya oqimi yomon emas. Lekin bu mablag’ xalq farovonligi uchun xizmat qiladimi yoki kichik bir guruh undan boyiydi, xolosmi? Bu savolga javob topish qiyin.

O’tgan 40 yil ichida afg’onlar olti turlicha bayroq va madhiyaga ega bo’ldi. Har bir yangi rahbar buyuk va mustaqil kelajak va’da qildi. Hamma tuzumlar qonga botdi, xalqning topgani vayron bo’ldi. Millionlab odamlar qochqinga aylandi. Yuz minglab insonlarning yostig’i quridi. Inson qadri eng past jamiyat bizmiz, deya tan oladi ko’plab afg’onlar.

Lekin ular shuni ham faxr bilan aytadiki, bugun xalq orasida bilimli, malakali, umidga to’la odamlar ko’paygan. Shaharlar kengaymoqda, uyali telefon asosiy aloqa vositasi. Internetga kirish osonlashgan. Mahalliy axborot vositalari, xalqaro telekanallar va radiolar ishlab turibdi. Informatsion bozor vujudga kelgan. Reklama yirik daromad manbaiga aylangan.

Kobuldagi internet kafelarida

Siyosiy tahlilchi Umar Sharifiy deydiki, uning yurtida zo’ravonlik bilan hokimiyatga kelish bugun juda qiyin.

“Tuzumni ag’darib, rahbarni o’ldirib, hukumat tepasiga kelish – bugun bu jamiyatda qonuniy deb qabul qilinadigan holat emas. Xalq saylovlarga o’rgandi. Ular biladiki, rahbar saylanishi, omma fotihasini olishi kerak”,- deydi ziyoli.

Siyosiy qarashlar yangilangani rost, ammo xotin-qizlarga munosabat hamon ayanchli. Ayol siyosatchilar ko’payib bormoqda, biroq bosim va kamsitishlardan shikoyat qilishadi.

Kobuldagi eng gavjum joylardan biri balki mana bu billiardxona. Faqat erkaklar kira oladi xolos. “Amerika Ovozi” ning erkak muxbiri u yerga kirib, billiard o’ynayotgan tadbirkorlar bilan gaplashdi. Ulardan biri Yor Gul Nodir Sofiy kelajakdan ko’p narsa kutmayapti.

“O’tgan ikki oy ichida suiqasd hujumlari, o’z-o’zini portlatish hollari yana ko’paydi. Tolibon hali ham har yerda xurujlar qilib yotibdi. Vaziyat yaxshilanayapti deyolmayman”, - deydi biznesmen.

Har bir daqiqa g’animat, bu mamlakatda ertaga nima bo’lishini hech kim bilmaydi. Odamlar faqat bugunni o’ylab yashashga o’rganib ketgan. O’tgan kuniga shukur qiladi, deydi Yor Gul Nodir Sofiy.